Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlar kelar, bemorlar sog‘ayar,
Musofirlar ham yurtiga qaytar.
Kimdir sizga behuda, saviyasi past qo‘shiq va musiqalar hamda buzuq va axloqsiz serial, film va gazetalar baxt-saodat keltiradi degan bo‘lsa yolg‘on gapiribdi. Ular baxtsizlik, qayg‘u va g‘am-tashvish kalitlaridir. Gapimizni shu yo‘lda bardavom bo‘lib, keyin tavba qilgan ishonchli kishilarning e’tiroflariga tayangan holda aytmoqdamiz.
Bunday baxtsiz hayotdan o‘zingizni olib qoching. Bu bekorchi va to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar hayotidir. Buning o‘rniga Qur’on tilovat qiling, foydali biror kitob o‘qing, ta’sirli ma’ruza tinglang, o‘zgalarga yaxshilik qilish bilan rohatlaning yoki zikru tasbehlar bilan ruhingizni tarbiya qiling. Shoyad, shu amallaringiz evaziga Alloh sizni kechirib, qalbingizni sakinat va xotirjamlikka to‘ldirsa!
Shu’la: Pok qalb – unda shirk, soxtakorlik, nafrat va hasad bo‘lmagan qalbdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati