Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Men  so‘rashdan  uyalaman

20.04.2026   14904   4 min.
Men  so‘rashdan  uyalaman

Ey Allohga va qiyomat kuniga ishonganlar, yuqorida aytilganlardan xulosa chiqarib o‘z holatlaringizni quyidagi so‘zlar asosida qiyoslab qo‘rishingiz mumkin. Alloh taolo aytadi:

“Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir!” (A’laa surasi, 17-oyat ).

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sadaqa bilan mol kamaymaydi” (Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Termiziy, Imom Ahmad).

“O‘ziga nisbatan qilingan zulmni kechirgan inson, albatta, shu sababli ulug‘lik topadi” (Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Muslim rivoyati).

“Sadaqa yetti yuz va undan ham ko‘proq marotabaga  ko‘payadi”  (“Riyozus-solihiyn” da xuddi ma’nodagi hadisi sharif bor “Sadaqa uchun yetti yuz mislicha qarshilik beriladi”, 2-jild, VI, 86, 95).

“Molini Alloh yo‘lida sarflaganning savobi 700 misligacha ortadi” (Imom Bayhaqiy).

“Bir bandaning rizqidan barcha insonu jin birlashib aqalli zarracha miqdorda kamaytirishga uringanlarida ham Allohning iznisiz bunga erisholmaydilar” (Abdulloh ibn Abbosdan Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Bilki, dunyo sendan yuz o‘girganda nafsingni bundan rozi holda topsang va hamda dunyodagi senga tegishli bo‘lgan nasibani tortib olib, seni undan mahrum etgan  xusumatchini shunday qilgani uchun seva olsang, haqiqiy iymon sohibi  ekansan.

Hozir men senga shunday bir mezon-ulchovni o‘rgatamanki uni yordamida o‘zing bemalol dunyo uchun qilingan amal qanday bo‘ladi va oxirat uchun qilingan amal qanday bo‘ladi, yaxshi farqlay oladigan bo‘lasan.


Shuni bilginki, odamlar o‘rtasida kelishmovchilik, xusumat va bahsu munozara keltirib chiqaradigan har qanday holat, bu dunyo uchun bo‘lgan amallarning natijasi bo‘lib, Alloh undan qaytargandir. Haqiqatni olib qaraganda, oxirat uchun qilingan amallarda dunyoga  o‘rin yo‘q, da’voyu janjal ham chiqmaydi. Bunday ishlarga kunduzlari ro‘zador bo‘lib, tunlari ibodat qilish, tez-tez sadaqalar ulashish, quduq va ariqlar qazib odamlarni serob qilishga o‘xshagan amallar kiradi.

Odatda oxirat uchun bo‘lgan xayrli ishlarda hech kim bir-biri bilan musobaqalashmaydi, talashmaydi, xusumatlashmaydi. Bu amallar uning natijasida biror bir dunyoviy manfaat, mukofot yo obro‘ ko‘zlanadigan  mudarrislik, shayxlik, ruhoniylik yo boshqa lavozimu mansabdorlik amallariga aslo o‘xshamaydi. Ya’ni dunyo uchun bo‘lgan amallarda, odamlarning bir-birlari bilan raqobatlashishlari, talashib tortishishlari, albatta, beiloj  bir holatdir. 

Bir gal kimdir rohibning ibodatxona xizmatchisiga bunday deyayotganini eshitib qolibdi: “Sen qanchalar iymoni zaif va savobga beparvo odamsan! Sen bu ishlaring bilan, xuddi musulmonlarga o‘xshab, go‘yo bir dunyoviy  manfiat ko‘zlayotganga o‘xshaysan!”.

Jumladan shu narsa ham ma’lumki, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytilgan xizmatni bajarib bo‘lganlaridan so‘ng ham kelishilgan haqni talab qilishdan uyalganlar. Bir gal Allohning Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam kim bilandir sherikchilikda hazrati Xadicha onamiz raziyallohu anhoning qo‘ylarini boqib keldilar. U odam hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam! Xadichadan kelishilgan haqqimizni so‘rang”, deb iltimos qilib qoldi. Shunda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men  so‘rashdan  uyalaman”, deb javob berdilar (Imom Shaaroniy, “Al-Bahrul mavrud fil-Mavosiqil uhud” asari, 49-bet).

Darhaqiqat, olim kishilar uchun lozimki dunyo boyliklarining asirligidan, mansabu hukumat talashish dardidan, obro‘-e’tibor, shuhratu ulo‘g‘lik da’vosidan tamomila qo‘l tortsinlar. Faqat ana shundagina ular haqiyqiy oxirat olimlari, payg‘ambarlar merosxuri, siyohlari tarozuda Alloh yo‘lidagi shahidlar qonidanda qiymatliroq qalam sohiblariga aylanadilar.

Mana bu muborak so‘zda aytilgan ma’no: “Olimning uyqusi ham ibodatdir” shundagina ularga tegishli bo‘lib qoladi. Shundagina ular abadiy hayotning na qadar go‘zalligiyu  porloqligini va foniy dunyoning manfurligiyu qabihligini his etadilar. Shundagina oxirat hayotini abadiyat manzili sifatida qadrlaydilar va bu dunyo hayotini arzimas, o‘tkinchi narsa sifatida nazarga ilmaydilar.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Nufuzli anjuman Ozarbayjonning Ag‘dam shahrida yakunlandi

16.09.2026   13060   1 min.
Nufuzli anjuman Ozarbayjonning Ag‘dam shahrida yakunlandi

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.

Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.

Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari