Bismillahir Rohmanir Rohiym
Barmoq izlarimiz boshqalarning barmoq iziga o‘xshamasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Garchi dunyoda milliardlab insonlar bo‘lsa ham birining barmoq izi boshqasinikidan farq qiladi.
Shuningdek, har bir insonda o‘ziga xos hid bo‘ladi. Biz uni oddiy hid bilish qobiliyatimiz bilan ajrata olmaymiz. Lekin iskovich itlar bir insonning hidini minglab odamlar ichidan ajrata oladi.
Bundan tashqari insonning ovozi ham har kimniki o‘ziga xos bo‘ladi. Buni bugungi kun ilm-fan isbotlagan. Hatto insonning og‘iz bo‘shlig‘i ham boshqasinikiga o‘xshamas ekan. Alloh taolo qiyomat kunida har kimni o‘z suratida qayta tiriltirishini eslatish uchun bunday mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib qo‘ygan.
Inson o‘zining farzandlariga mehr berishda ham adolatli qilib yaratilgan. Misol uchun, ota kichik farzandlarini kattasiga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nima uchun? Chunki otaning yoshi o‘tgani sayin katta farzandlari kichigiga nisbatan baribir ko‘proq mehr ko‘rgan bo‘laveradi. Bu tengsizlikni to‘g‘rilash uchun ham ota farzandlariga mehr ko‘rsatishda adolat qilishga moyil qilib qo‘yilgan.
Shu o‘rinda yuqorida kelgan oyatni yana bir bor eslasak: “O‘zingizda ham (oyat mo‘jizalar bor)”.
Oyati karimada aytilganidek Allohning borligini, adolatning bor bo‘lishi kerakligini inson tabiiy his qila oladi. Alloh taolo bunday degan:
﴿فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا﴾
“Unga (nafsga) gunohlarini ham, taqvosini ham ko‘rsatib qo‘ydi” (Shams surasi, 8-oyat).
Nafs yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olmaydi. Balki Alloh bildirgan narsanigina biladi. Allohning bildirishi esa tabiiy ravishda yaxshi va yomonni ajrata oladigan qilib qo‘yganligidir.
Faqatgina inson emas, borliqdagi barcha narsada Allohning borligiga dalillar bisyor.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi