Dunyoning mol-mulkiga e’tibor qilmagan zohidning qalbini Allohning o‘zi boy qilib qo‘yadi. Unga garchi xohlamasada dunyo boyligidan berib qo‘yadi. Shu ma’noda ulug‘ zohidlardan birlarini Allohga qilgan go‘zal munojotini tinglang:
“Allohim, Seni yo‘qotgan nimani topdi?! Seni topgan esa nimasini yo‘qotdi?! Sendan o‘zga joyda oromu halovat izlagan, uni topmadi. Seni qo‘yib boshqa tomonga yugurgan, ziyonu zahmatda qoldi”.
Bir odam Ibrohim Adham quddisa sirruhudan ko‘ylaklarini o‘zlari tikayotganlarini ko‘rib so‘radi:
“Ey Ibrohim, Alloh sizga Balx podsholigi o‘rniga nima berdi?”
Ibrohim quddisa sirruhu javob berdilar:
“Allohning menga bergan narsalarini anglab yetish uchun seni aqling ojizlik qiladi, lekin shunga qaramasdan, Allohning menga ato etganlaridan seni fahming oladigan bir narsani ko‘rsataman, o‘zing tushinib olasan”.
Ibrohim qo‘llaridagi ignani dengizga tashlab, so‘ng uni qaytarib berishligini so‘rab Allohga duo qildilar. Shu onni o‘zida og‘izlarida oltin ignalar tutgan, sanoqsiz baliqlar birin ketin daryodan boshlarini chiqara boshladilar.
Ibrohim Adham quddisa sirruhu:
“Yo Xudoyim, o‘zimni ignamni qaytarib berishingni xohlayman,” dedilarda, yonlaridagi odamga qarata:
“Bu Allohning menga bergan va seni fahming olishi mumkin bo‘lgan ne’matlaridan birginasi edi xolos”, deb javob berdilar.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati