frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Kamondan o‘q otish

23.04.2026   17017   2 min.
Kamondan o‘q otish

Uqba ibn Alidan rivoyat qilinadi: Samoma ibn Shafiy Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan eshitgan. U zot aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarda:

﴿وَأَعِدُّوا لَهُمْ مَا اسْتَطَعْتُمْ مِنْ قُوَّةٍ﴾

Imkoningiz boricha kuch-quvvatni tayyorlab qo‘yingiz(Anfol surasi, 60-oyat).

Ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir, ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir, ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir” deganlarini eshitganman (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisda Payg‘ambaralayhissalom otishni va otish asboblarini o‘rganishga undaganlar. Ulamolar bu hadis sharhida kishi o‘zini, oilasini va vatanini himoya qilish maqsadida otishni va harbiy mashqlarni o‘rganishi lozimligini ta’kidlaganlar.

Kamondan o‘q uzish yoki harbiy mashqlar kishini jismonan chiniqtiradi va irodasini toblaydi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalar orasida kamondan o‘q uzish, kurash, yugurish va boshqa turli jismoniy mashqlarni bajarish musobaqalarini o‘tkazib, unda o‘zlari ham ishtirok etganlar.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhu aytadlar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir guruh kamondan o‘q uzib musobaqalashayotgan musulmonlar oldidan o‘tdilar. Ularga: “Otinglar! Bani Ismoil. Otalaringiz mergan bo‘lgan. Otinglar! Men Bani fulon bilanman”, dedilar. Shunda ikki guruhdan biriqo‘lidagini tutib (to‘xtab) qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nimaga otmayapsiz?” dedilar.Ular: “Siz ular tomonda bo‘lsangiz qanday otamiz?” deyishdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Otinglar! Men barchangiz bilan birgaman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadis guruhlarga bo‘linib, musobaqalar o‘tkazish, ularga muxlislik qilish joizligini ko‘rsatadi.

Sahobalar oralarida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari Hamza ibn Abdulmuttalib eng merganlardan bo‘lganlar.

Adiy ibn Xotim roziyallohu anhu ko‘proq ovga qiziqqanlar va mohir ovchi bo‘lganlar. Shuning uchun, u zot ko‘proq ovchilikka oid hadislarni rivoyat qilganlar.


"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li

Boshqa maqolalar

Dinini himoya qilganni Alloh hifzida saqlaydi

29.06.2026   2877   1 min.
Dinini himoya qilganni Alloh hifzida saqlaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Salbchilar Iskandariyaga hujum qilgan vaqtlarida go‘zal va mol-mulki ko‘p bir ayol qochib qolishga ulgurmadi. U bilan birga xizmatkorlari va joriyalari ham bor edi. Shu payt ularning uyiga yevropaliklar qo‘llarida qilichlarini yalang‘ochlab kirib kelishdi va ularning biri: “Pullar qayerda?”, deb so‘radi. U qo‘rqib ketib turgan joyida uy ichidagi sandiqlarda ekanini aytdi va qo‘rquvdan qaltiray boshladi. Ularning biri: “Qo‘rqma, sen mening himoyamda bo‘lasan, mol-mulkim va yaxshiligim ichra huzur-halovatda yashaysan”, dedi. Ayol bundan dushman uni yoqtirib qolganini angladi va qo‘rqib tursada unga chiroyli muomala qilib hojatga chiqib kelishga izn so‘radi. U esa ayol ham shuni xohlaydi deb o‘yladi va unga ruxsat berdi.

Yevropaliklar uy ichiga kirib sandiqlarni talay boshlashdi. Ayol esa uy eshigidan chiqib meshlar to‘la qop-qorong‘u omborga kirdi va u yerga yashirinib oldi. Yevropaliklar esa hamma joyni talab oxiri uni qidirishdi, lekin topa olishmadi va jo‘nab ketishdi. Xizmatchilari va joriyalari ham bu paytda yashirinishga ulgurishgan edi. Shunday qilib ularning barchasi asirlikka tushishdan qutilib qolishdi. Ayol bunday dedi: “Din va nomus salomatligi barcha narsadan ustun. Mol-dunyo esa mana shunday voqealar uchun kerak, xolos. Chunki faqirlik asirga tushish va zulm sabab dinini o‘zgartirishdan ko‘ra yaxshiroqdir”.

Shu’la: Qochib qutilishingiz mumkin bo‘lmagan bir haqiqatni qabul qiling: Bu dunyoda siz doimo o‘zgartirish imkonsiz bo‘lgan ishlarga yo‘liqasiz, ular bilan faqatgina sabr bilan muomala qilishingiz mumkin, xolos.

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan