Shu yil 23-24 aprel kunlari Samarqanddagi Hadis ilmi maktabida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Barkamol avlod – 2026” respublika musobaqasi o‘tkazilmoqda. Unda 14 ta diniy ta’lim muassasasidagi saralash bosqichlaridan o‘tib kelgan jamoalar sportning milliy kurash, tosh ko‘tarish, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Bugun kunning birinchi yarmida musobaqa ishtirokchilari Samarqanddagi qadamjolar, xususan, Go‘ri Amir majmuasi, Registon maydonidagi Tillakori, Sherdor va Ulug‘bek madrasalarini ziyorat qilib, ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish bilan birga elu yurt haqiga xayrli duolar qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan musobaqa ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbar va xodimlari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishtirokchi jamoalar va ularning murabbiylari qatnashdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov mehmonlarni tashrif bilan qutladi. So‘ng Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov barcha ishtirokchilarga Muftiy hazratlarining salom va duolarini yetkazish barobarida yurtimizda ta’lim-tarbiya va sportga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘zlab, musobaqada qatnashayotgan talaba-yoshlarga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda diniy ta’lim muassasalari jamoalarining bellashuv tartibi va navbatlari aniqlab olindi. Shu asosda stol tennisi, shaxmat va milliy kurash yo‘nalishlari bo‘yicha saralash o‘yinlari o‘tkazildi. Yuqori kayfiyat va qizg‘in raqobat muhitida o‘tgan bellashuv yakunida munosib ishtirokchilar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 24 aprel kuni musobaqaning hal qiluvchi – final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Unda g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, taqdirlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab e’lon qilingan «Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi» doirasida Samarqand viloyatida ezgu ishlarga keng yo‘l ochildi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimligi hamda Samarqand viloyati vakilligi hamkorligida Qo‘shrabot tumanida keng qamrovli mehr-saxovat tadbiri tashkil qilindi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari B. Karimov, Qo‘shrabot tumani hokimi D. Shakarboyev, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov va Nursultonxon domla Abdumannonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, shuningdek, 2026 yilgi ulug‘ Haj ziyoratini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida tumanning 16 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 250 dan ziyod ehtiyojmand xonadonlarga tashabbuskor hojilar homiyligida maktab formalari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bu ezgu tashabbus xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.