O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Toshkent tumani “Ramadon” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmon domla Astanoyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Abdurahmon domla Astanoyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh insonning kechinmalarini juda yaxshi biladi. Biroq Allohga iymon keltirmaganlar bunga ishonmaydilar. “Qani buning isboti?” deb so‘raydilar. Aqliy dalillar albatta mavjud. Alloh insonning kechinmalarini ham bilishining isboti o‘laroq quyidagi oyati karimani nozil qilgan:
﴿إِذَا جَاءَكَ الْمُنَافِقُونَ قَالُوا نَشْهَدُ إِنَّكَ لَرَسُولُ اللَّهِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ إِنَّكَ لَرَسُولُهُ وَاللَّهُ يَشْهَدُ إِنَّ الْمُنَافِقِينَ لَكَاذِبُونَ﴾
“Vaqtiki munofiqlar huzuringga kelib: “Siz Allohning Rasuli ekanligingizga guvohlik beramiz” dedilar. Alloh Uning haqiqiy Rasuli ekaningni biladi va Alloh guvohlik beradiki munofiqlar yolg‘onchidir” (Munofiqun surasi, 1-oyat).
Munofiqlar to‘planib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelishdi va go‘yoki u zotning payg‘ambar ekanlarini tasdiqladilar. Buni oyati karimadan anglashimiz mumkin. Biroq ular guvohlik bergan bo‘lsalar qanday qilib yolg‘onchi bo‘lishlari mumkin?
Alloh aytmoqdaki, ularning til uchida aytgan gaplarini qalblari tasdiqlamadi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar ekanliklarini faqat tillarida tan oldilar. Qalblari bilan esa inkor qildilar.
Munofiqlar qalblaridagini yashiradilar. Biroq Alloh taolo e’lon qilib qo‘ygan oyatni inkor eta olmadilar. Ya’ni, ularga ham xuddi Abu Lahabga berilgan imkoniyat berilgan edi. Ular kelib “Biz rost aytgan edik, siz Rasulullohsiz” desalar bo‘lardi. Hech kim ularning qalbini ochib ko‘ra olmas edi. Biroq Alloh ularning bunday deya olmasliklarini e’lon qildi va ularni sharmanda etdi. Alloh qalblardagi narsalarni ham bilishini Qur’oni karimning bir qancha joylarida aytib o‘tgan. Jumladan:
﴿وَإِنْ تَجْهَرْ بِالْقَوْلِ فَإِنَّهُ يَعْلَمُ السِّرَّ وَأَخْفَى﴾
“U Zot sirni ham, undan maxfiyrog‘ini ham biladi” (Toha surasi, 7-oyat).
Odatda sir ikki kishi o‘rtasida bo‘ladi. Ammo sirdan ham maxfiyroq narsa nima? U inson hech kimga aytmagan, bildirmagan qalbidagi tuyg‘ularidir. Alloh taolo munofiqlarni sharmanda qilgan oyatlardan birida bunday degan:
﴿وَيَقُولُونَ فِي أَنْفُسِهِمْ لَوْلَا يُعَذِّبُنَا اللَّهُ بِمَا نَقُولُ﴾
“(Munofiqlar) ichlarida “Alloh bizga azob jo‘natmasaydi” derlar” (Mujodala surasi, 8-oyat).
Demak, munofiqlar bu gapni hech kimga, hatto o‘zaro ham aytmaganlar. Faqat ichlarida saqlab yurganlar. Lekin Alloh ularni sharmanda qilib bu tuyg‘ularini oshkor qildi. Ular esa buni inkor ham eta olmadilar. Agar ixtiyorlari o‘zlarida bo‘lganida hech bo‘lmasa yolg‘ondan bo‘lsa ham “Ichimizda hech narsa deganimiz yo‘q” degan bo‘lardilar. Biroq Allohning ilmi, ixtiyori oldida hamma qatori ojiz edilar.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan