Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shukr etilmas qancha ne’matlar,
Baxtsizlik ostida jim kelarlar.
Allohning ne’matlari uchun Unga shukr va ibodat qilib haqqini ado eting. Suvdan ichishingiz va poklanishingiz uchun ishlating, Quyoshning nuri va issiqligidan rohatlaning, Oyning ziyosidan zavqlaning hamda dengizlar va tabiat manzaralaridan rohat oling va gunohlarni kechiruvchi Zotga shukr qiling. Alloh sizga bergan ne’matlardan foydalaning, lekin zinhor kufroni ne’mat qilib noshukrlik qilmang. Alloh taolo aytgan ushbu toifadan bo‘lib qolmang:
﴿يَعْرِفُونَ نِعْمَةَ اللَّهِ ثُمَّ يُنْكِرُونَهَا وَأَكْثَرُهُمُ الْكَافِرُونَ﴾
“Ular Allohning ne’matini tanirlar, keyin esa, inkor qilurlar. Ularning ko‘plari kofirlardir” (Nahl surasi, 83-oyat).
Ne’matlarni inkor etishdan saqlaning. Atrigulning tikonlariga qarashdan oldin uning go‘zalligiga boqing. Quyosh issig‘idan shikoyat etishingizdan oldin uning nuridan foydalanishingizni eslang. Tun zulmatidan nolishingizdan avval uning tinch va osudaligini yodga oling. Ne’matlarga so‘kinib yomon ko‘z bilan qarashning nima keragi bor?! Ularning belgilangan yo‘lini o‘zgartirish bilan nima foyda topasiz?! Sizga berilgan ne’matlarni go‘zal holda qabul qiling va Allohga hamd ayting!
Shu’la: Xato yo‘ldan to‘g‘ri yo‘lga o‘tish uzoq, ammo juda go‘zal sarguzashtdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati