Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qur’on o‘qiydigan mo‘min kishining misoli utrujjaga o‘xshaydi. Uning ta’mi ham hidi ham xushbo‘ydir”.
Utrujja to‘rt narsa: po‘stloq, go‘sht (asosiy qism), organik kislota (nordonlik) va urug‘dan iborat. Ularning har birini mijozi o‘ziga xos: po‘sti issiq, quruq; go‘shti issiq, ho‘l; organik kislotasi sovuq, quruq va urug‘i issiq, quruq.
Po‘stini kiyimga qo‘yilsa, qurtlarni yo‘qotadi. Hidi havoni tozalaydi va vaboni ketkazadi. Og‘izni xushbo‘y qiladi. Danagi chayon va turli hasharotlar chaqqanda davo bo‘ladi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
Utrujja - xushbo‘y hidli, ta’mi shirin, apelsinga o‘xshash meva.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar Allohni inkor qilayotgan olimlar Qur’oni karimni insof bilan o‘rganib chiqqanlarida unga iymon keltirgan bo‘lardilar. Misol uchun, quyidagi oyati karimaga e’tiboringizni qarating:
﴿وَجَعَلْنَا اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ آَيَتَيْنِ فَمَحَوْنَا آَيَةَ اللَّيْلِ وَجَعَلْنَا آَيَةَ النَّهَارِ مُبْصِرَةً لِتَبْتَغُوا فَضْلًا مِنْ رَبِّكُمْ وَلِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ وَكُلَّ شَيْءٍ فَصَّلْنَاهُ تَفْصِيلًا﴾
“Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo‘ydik. Kechaning belgisini o‘chirdik. Kunduz alomatini esa, Robbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz” (Isro surasi, 12-oyat).
Ushbu oyatdagi mo‘jiza iymon keltirish uchun yetarli aslida. Alloh taolo “kunduzni yorug‘lik qildik” demoqda. Alloh taolo ko‘rsatish manbai sifatida kunduzni aytmoqda. Lekin tasvirlarni bizning ko‘zimiz ko‘rsatadimi yoki kunduzmi? Ko‘pchilik tasvirlarni ko‘zlar ko‘rsatadi deb o‘ylaydi. Biroq ilmiy haqiqat shuki biz yorug‘lik tufayligina ko‘ra olar ekanmiz. Olimlar aniqlashicha quyoshning nuri bir narsaga tegib sinadi. Keyin ko‘z soqqamizga kelib uriladi va biz o‘sha narsani ko‘ramiz.
Demak, ko‘zimiz o‘zi mustaqil ravishda tasvirlarni ko‘ra olmas ekan. Narsalarga tushgan nur tufayli ko‘ra olar ekanmiz. Agar nur yo‘q bo‘lsa ko‘zimiz hech narsani ko‘ra olmaydi. Shunday ekan, Alloh taoloning kuzduzni ko‘rsatuvchi qilganini anglash qiyin emas. Mana shuning o‘zi eng katta mo‘jizalardan biri emasmi, axir.
Agar Qur’oni karim Allohning kalomi bo‘lmasa Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bunchalik aniq ilmiy haqiqatlarni kim o‘rgatgan? Agar Qur’onda kelgan birorta ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lib chiqqanida bu din butunlay nohaq ekanligi ayon bo‘lardi. Qur’oni karimdagi ana shunday mo‘jizalar uning Allohning kalomi ekanligidan darak beradi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan