Haqiqatda til insonning qadr-qimmatini belgilaydi. Kimning tili to‘g‘ri, lafzi halol bo‘lsa, hurmati oshadi.
Sidqning fazilati bobida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu muborak so‘zlari kifoya qiladi:
“Shubhali narsani qo‘y, shubhasiz narsani ushla. Haqiqatda to‘g‘rilik bu qalbning xotirjamligidir, yolg‘on esa shubhani oshiradi” (Imom Termiziy, “Qiyomat”, 60).
Shuningdek, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam yana marhamat etgan ekanlar:
“Sidq – to‘g‘rilik kishini xayrli amallarga undaydi, xayrli amallar esa jannatga eltadi. Yolg‘on fisqu fujurga undaydi, fisqu fujur esa jahannamga eltadi” (Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohdan rivoyat qilingan, Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).
Luqmoni Hakimdan so‘radilar:
“Qaysi amalingiz sizni bu darajaga yetkizdi?”.
U zot javob berdilar:
“Rostgo‘yligim va behuda so‘zlarni tark etganim”.
Sidq-to‘g‘rilik garchi ko‘rinishdan go‘yo bir qiyinchilik yo xavf tug‘diradiganga o‘xshasa ham baribir najot shundadir, deb olimlar ittifoq qilibdilar. Jumladan, ular aytibdilarki:
“Hamisha, har joyda faqat to‘g‘ri bo‘l, menga ziyoni yetadi, deb xafsiragan joyingda ham, foydasi tegadi. Yolg‘onni qo‘y, go‘yo foydasi tegib turgan joyda ham, aslida ziyoni yetadi”.
Yolg‘on ishlatib foyda qilaman, deb o‘ylagan tojir qattiq adashadi. Sahobalardan keltirilgan bir xabarda bunday deyilibdi: “To‘g‘riso‘z, halol tijoratchi kambag‘allashmaydi”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati