Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Rostgo‘ylik - qalbning xotirjamligi

28.04.2026   14472   1 min.
Rostgo‘ylik - qalbning xotirjamligi

Haqiqatda til insonning qadr-qimmatini belgilaydi. Kimning tili to‘g‘ri, lafzi halol bo‘lsa, hurmati oshadi.


Sidqning fazilati bobida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu muborak so‘zlari kifoya qiladi:

“Shubhali narsani qo‘y, shubhasiz narsani ushla. Haqiqatda to‘g‘rilik bu qalbning xotirjamligidir, yolg‘on esa shubhani oshiradi” (Imom Termiziy, “Qiyomat”, 60).


Shuningdek, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam yana marhamat etgan ekanlar:

“Sidq – to‘g‘rilik kishini xayrli amallarga undaydi, xayrli amallar esa  jannatga eltadi. Yolg‘on fisqu fujurga undaydi, fisqu fujur esa jahannamga eltadi” (Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohdan rivoyat qilingan, Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).


Luqmoni Hakimdan so‘radilar:

“Qaysi amalingiz sizni bu darajaga yetkizdi?”.

U zot javob berdilar:

“Rostgo‘yligim va behuda so‘zlarni tark etganim”.

 

Sidq-to‘g‘rilik garchi ko‘rinishdan go‘yo bir qiyinchilik yo xavf tug‘diradiganga o‘xshasa ham baribir najot shundadir, deb olimlar ittifoq qilibdilar. Jumladan, ular aytibdilarki:

“Hamisha, har joyda faqat to‘g‘ri bo‘l, menga ziyoni yetadi, deb xafsiragan joyingda ham, foydasi tegadi. Yolg‘onni qo‘y, go‘yo foydasi tegib turgan joyda ham, aslida ziyoni yetadi”.


Yolg‘on ishlatib foyda qilaman, deb o‘ylagan tojir qattiq adashadi. Sahobalardan keltirilgan bir xabarda bunday deyilibdi: “To‘g‘riso‘z, halol tijoratchi kambag‘allashmaydi”.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   39711   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV