Diniy ta’lim muassasalari rektor va direktorlari hamda talabalaridan iborat delegatsiya Surxondaryoning tabarruk qadamjolari — "Hakim Termiziy" va “Sulton Saodat” majmualarini ziyorat qilishdi.
Ziyorat davomida dastlab Qur’oni karim tilovat qilinib, yurt tinchligi va ilm rivoji yo‘lida ezgu duolar qilindi.
Tashrif doirasida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Jo‘rabek domla Cho‘tmatov mehmonlarga hamrohlik qilib, ushbu muqaddas maskanlarning tarixi, ularning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni hamda ilmiy va ma’naviy ahamiyati haqida qimmatli ma’lumotlarni so‘zlab berdi.
Bu kabi tarixiy qadamjolar bilan tanishish ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamladi.
“Imom Termiziy” madrasasi
Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati