Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gohida insonga balo ham bir ne’mat bo‘lar,
Va goho Robbim ne’mat bilan imtihon etar.
Ibodatli, yaxshi bir ibodatli do‘stimning ayoli saraton kasaliga chalindi, ularning uch farzandi bor edi. Do‘stimga dunyo tor kelib, yer zulmatga aylanib qoldi. Shunda ulamolarning biri unga saharlari turib ibodat qilib, ayoli uchun istig‘for aytib, zamzam suviga qiroat qilib unga ichirishini maslahat berdi. Alloh taolo uning yo‘lini duo qilishga ochib qo‘ydi. Ayoli Qur’on o‘qilgan zamzam suvi bilan jismini tozalar, u esa ayoli bilan tong sahardan quyosh chiqquncha, shom namozidan keyin xuftongacha o‘tirib birgalikda istig‘for aytib duo qilishardi. Shunday qilib Alloh taolo uning kasaliga shifo berdi, unga go‘zal teri va chiroyli sochlar ato qildi. Ular esa istig‘for va tungi namozga bog‘lanib qolishdi.
Singlim, agar siz kasal bo‘lsangiz Alloh tomonga yuring, istig‘for, tavba va duoni ko‘paytiring. Shunda tez orada sizni xursand qiladigan xushxabar keladi. Chunki duoni faqatgina Alloh taolo ijobat qiladi, qiyinchilik va yomonliklarni U Zotgina aritadi.
Shu’la: O‘tgan va bugungi kunlaringizni hisob-kitob qiling. Chunki hayot ketma-ket sinovlardan iborat, inson bu sinovlardan g‘olib bo‘lib chiqishi lozim.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Pokistonning ommabop “Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Urdu tilida namoyish qilingan mazkur teleloyiha I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ishtirok etgan “Discover Pakistan” ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan.
Unda forumning asosiy natijalari, uning xalqaro ahamiyati va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlari xususida so‘z yuritildi.
Efir davomida forum turli mamlakatlardan kelgan taniqli olimlar, dinshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir maydonga jamlagan nufuzli xalqaro muloqot platformasi sifatida e’tirof etildi. Muallif ta’kidlanganidek, anjuman diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ma’rifiy islom g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, ekstremizm va radikalizmga qarshi ma’naviy-ma’rifiy yondashuvlarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.
Ko‘rsatuvda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda islom madaniyati va sivilizatsiyasiga oid boy merosni xalqaro maydonda targ‘ib etish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Samarqand, Toshkent va Termiz kabi ilm-fan markazlarining jahon islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Ko‘rsatuvda forum ishtirokchilari bo‘lgan bir qator xorijiy olimlarning intervyulari ham o‘rin olgan. Xorijiy ekspertlar mazkur forum mamlakatlar va turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
Teledastur boshlovchisi aytganidek, forum doirasida qabul qilingan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda va ular ilm-fan, ta’lim va madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi. “O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati hamda xalqaro muloqot maydonlarini tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi”, – deya ta’kidlagan muallif.
“Discover Pakistan” telekanali orqali efirga uzatilgan mazkur ko‘rsatuv Pokiston jamoatchiligini O‘zbekistonning boy ma’naviy-ma’rifiy merosi va I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati