O‘zbekistondagi 2026 yilgi Haj mavsumi 2 maydan boshlanadi. 18 mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Hamyurtlarimizni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, hojilarni ona-Vatanimizga olib kelish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.
Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha quyidagi tayyorgarlik ishlari jadal amalga oshirilmoqda:
– ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi;
– bo‘lg‘usi hojilarning rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlandi;
– ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:
– “Haj – buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi
– sumka
– nimcha
– termos
– soyabon
– sim-karta
– quvvatlagich.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan "Haj – 2026" mavsumi ilk ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar ibodatlarini bekamu ko‘st ado etishi uchun munosib sharoitlar tayyorlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati