Bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisining o‘rinbosari, akademik Rafiq Muxametshovich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yangi ochilgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda Qur’on kurslari faoliyati alohida e’tirof etildi.
O‘z navbatida, akademik Rafiq Muxametshovich Qozon islom universiteti diniy ta’lim yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, xususan, o‘quv dasturlari va adabiyotlarini almashish yuzasidan muhim takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro aloqalarni tizimli va bosqichma-bosqich rivojlantirishga kelishib oldilar.
Do‘stona uchrashuv yakunida o‘zaro hadyalar almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muborak Haj amallarini sog‘-salomat ado etgan farg‘onalik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Vatanga qaytib keldi. Hojilarni Farg‘ona xalqaro aeroportida viloyat mutasaddilari, diniy soha vakillari hamda ziyoratchilarning yaqinlari tantanali ravishda kutib oldi.
Mazkur marosimda davlatimiz rahbari tomonidan yurtdoshlarimizning muqaddas amallarni xotirjam va munosib ado etishlari uchun yaratilayotgan yuksak shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.
Ziyoratchilar Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarida bo‘lib, Haj ibodatlarini to‘liq ado etganliklarini, muborak qadamjolarda turib yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda el-yurt ravnaqini so‘rab xayrli duolar qilganliklarini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, Farg‘ona viloyatidan muqaddas safarga yo‘l olgan ziyoratchilarning keyingi guruhlarini kutib olish ishlari reja asosida joriy yilning 13 iyuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati