#xabar #haj2026 #safar #kuzatuv
Ayni paytda poytaxtimizdagi “Novza” masjidida yuzida quvonch, tilida shukrona bilan muqaddas zaminga oshiqayotgan “Haj – 2026” mavsumining ilk ziyoratchilarini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Yurtdoshlarimizning ko‘zlaridagi quvonch yoshlari va orzusi ushalgan qalblarning talpinishi har qanday kishini to‘lqinlantirib yuboradi.
Qalblarni hayajonga solgan ushbu damlarda Allohning bayti sari oshiqayotgan yurtdoshlarimiz muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, eson-omon qaytishni so‘rab duolar qilishmoqda. Ularni kuzatayotgan yaqinlarining nigohida esa havas va sog‘inch: ular ham mana shunday saodatli kunlar va Ka’batulloh ziyorati o‘zlariga ham nasib etishini chin dildan niyat qilmoqda.
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etish baxtiga noil bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, ziyoratchilarning xavfsiz va sifatli ibodat qilishlari uchun yaratilgan tizimli shart-sharoitlar davlatimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan ezgu tamoyilning diniy-ma’rifiy sohadagi amaliy ifodasidir. Mazkur yuksak darajadagi tashkiliy ishlar hamyurtlarimizga muqaddas zaminda faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun zamin yaratadi.
Alloh taolo muborak safarga otlanayotgan barcha yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli, hajlarini mabrur va duolarini mustajob aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati