Hadis ilmi maktabida taniqli olim, ustoz Shayx Muhiddin Mansurning qalamiga mansub “Sof aqida — Imom Tahoviy aqidasiga hoshiya” nomli yangi kitobning taqdimoti o‘tkazildi. Imom G‘aznaviy sharhi asosida tayyorlangan ushbu qo‘llanma aqida ilmining murakkab masalalarini sodda va xalqchil tilda bayon etgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirni Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov ochib berib, muallifning ko‘p yillik ilmiy-ma’rifiy xizmatlarini alohida e’tirof etdi. Rektor o‘z nutqida jamiyatda sog‘lom diniy tushunchani qaror toptirish hamda ahli sunna val jamoa manhajidan chetlashgan oqimlarga ilmiy asoslangan raddiyalar berishda bu kabi asarlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
Taqdimot davomida Shayx Muhiddin Mansur hazratlari so‘zga chiqib, aqida ilmining inson hayotidagi ahamiyatiga to‘xtaldilar:
“E’tiqod mustahkam bo‘lsa, hech qanday buzg‘unchi g‘oya yoki adashtiruvchi oqim inson qalbiga yo‘l topa olmaydi”, — dedi muallif.
Shuningdek, olim Abu Hanifa va Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhlarning aqidaviy qarashlari bevosita Qur’on va Sunnatga tayanishini hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar. Xususan, “Fiqhul akbar” asarining Abu Hanifaga nisbati mutavotir (inkor qilib bo‘lmas) yo‘l bilan sobit ekanini qayd etib, kelajak avlodni bu sof merosni asrab-avaylashga chaqirdilar.
Tadbir yakunida "Hadis ilmlari" kafedrasi mudiri Mahmudjon Abdurahmonov so‘zga chiqib, ustozning boy ilmiy tajribasi talabalar uchun katta maktab ekanini ta’kidladi va barcha ishtirokchilar nomidan minnatdorchilik bildirdi.
Yangi nashr etilgan ushbu kitob nafaqat soha mutaxassislari, balki keng kitobxonlar ommasi uchun ham ma’naviy xazina bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Muhaddis.uz
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati