Bugun, 5 may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli anjuman Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, tinchlik va o‘zaro anglashuv madaniyatini rivojlantirish hamda ilm-fanni barqaror taraqqiyot asosi sifatida ilgari surishga qaratilgan xalqaro tashabbuslari ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
Tadbirda oliy martabali mehmon sifatida ishtirok etayotgan Malayziya Qirolichasi Oliy Hazratlari Radja Zarit Sofiya o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy diplomatiya va xalqaro gumanitar hamkorlikning yangi bosqichi boshlanishini alohida qayd etadi. Anjuman davomida 300 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar, davlat va jamoat arboblari hamda diniy soha vakillari islom ilmiy merosini o‘rganishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qiladi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston va Malayziyaning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari, xususan, Malayziya texnologiya universiteti hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Tadbirning muhim qismi sifatida Malayziya tomoni “Nasyrul Qur’an” markazida nashr etilgan 20 000 nusxa Qur’oni karimni yurtimizning “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qiladi. O‘z navbatida, Malayziya Qirolichasi Radja Zarit Sofiyaga “Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plami” nomli maxsus kitob-albom taqdim etiladi.
Konferensiya yakunida xorijlik ekspertlar va mehmonlar uchun Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bo‘ylab ekskursiya hamda Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarimizga madaniy-ilmiy ziyoratlar tashkil etiladi. Mazkur tadbir nafaqat ikki davlat aloqalarini, balki butun islom olamida ilm-fan va ma’naviyat birligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati