Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Farishtalar vafot etayotgan mo‘minning oldiga keladimi?

05.05.2026   19625   7 min.
Farishtalar vafot etayotgan mo‘minning oldiga keladimi?

«Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir. (Bu) mag‘firatli va mehribon zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir”» (Fussilat surasi, 30-33-oyat).

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Ushbu oyat Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu haqida nozil bo‘ldi. Mushriklar: “Robbimiz Alloh”, deb aytardilar, ammo Unga shirk keltirishardi. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Robbim Alloh sherigi yo‘q, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning bandasi va rasulidir”, deb javob qaytarardi.

Hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Albatta: “Robbimiz – Alloh” oyati nozil bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yahudiy va nasroniylar Alloh taologa shirk keltirdilar. Lekin ummatim Robbim Alloh deydi va U zotga biror narsani sherik qilmaydi”, dedilar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini o‘qidilar va: “Odamlar: “Robbim Alloh”, dedilar. Ammo ularning aksariyati kufr keltirdilar. Kim Robbim Alloh deb vafot etsa, batahqiq to‘g‘ri yo‘lda bo‘lganlardan bo‘libdi”, dedilar.

Said ibn Imron roziyallohu anhu aytadi: “Abu Bakr roziyallohu anhu huzurida «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini tilovat qildim”. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: “Ular Alloh taolo shirk keltirmaydiganlar”, dedi.

Tafsirlarda “to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...” – “Alloh taolo yakkadir, Uning sherigi yo‘kdir”, deb aytuvchi, ushbu aqidada dil va amal bilan doimo sobit bo‘luvchi hamda Alloh taolo buyurgan solih amallarni ado etuvchi hamda qaytarganlaridan qaytuvchi bandalar deyilgan.

Sufyon ibn Abdulloh Saqafiy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh menga bir ishni aytingki, uni mahkam ushlay”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam): “Robbim – Alloh, so‘ng to‘g‘ri bo‘l”, dedilar. Men: “Yo Rasululloh! Menga eng katta zarar keltiradigan narsa nima?” deb so‘radim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillariga ishora qilib: “Mana bu”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

To‘rt xalifai roshidin roziyallohu anhum “to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...”ning fazilatlarini turlicha sharhlaganlar: Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu: “So‘zi va amali bir bo‘lgan, Alloh taologa biror narsani sherik qilmaydiganlar”, deganlar.

Hazrat Umar roziyallohu anhu minbarda turib ushbu oyatni o‘qidi va: “Alloh taologa itoat etishda bardavom bo‘luvchilar. Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar”, dedilar.

Hazrat Usmon roziyallohu anhu: “Amallarni xolis Alloh uchun ado etuvchilar”, Ali karramallohu vajhahu esa: “Farzlarni bajaruvchilar”, deganlar.

Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu sahobalardan oyatdagi “to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...” kimlar ekani haqida so‘radilar. Ular: “Gunoh qilmaydiganlar”, deb javob berishdi. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Qiyinlashtirib yubordingiz. Unday emas, balki iymon keltirgandan keyin Alloh taologa shirk keltirmaydiganlar”, dedilar.

Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh “to‘g‘ri bo‘lgan zotlar..”ning sifatlarini bunday bayon qiladi: g‘iybat qilmaydiganlar, gumondan saqlanuvchilar, mazaxdan uzoq bo‘lganlar, nomahramlarga qarashdan ko‘zini tiyuvchilar, rost so‘zlovchilar, xayr, sadaqa qiluvchilar, isrof qilmaydiganlar, kibrga berilmaydiganlar, namozni o‘z vaqtida ado etuvchilar, jamoatga ergashuvchilar.

Ana shunday sifatlar bilan xulqlangan bandalar oxiratdagi hollari, qilib o‘tgan amallari natijasi qanday bo‘lishi haqida xavfsiraganlarida farishtalar ularning qalbiga xotirjamlik bag‘ishlovchi bunday xushxabarlar yetkazishadi: “Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz. Biz hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz!”.

Ushbu oyat tafsirida alloma, doktor Vahba Zuhayliy rahimahulloh aytadi: «Farishtalar mo‘minlarga uch holat: vafot etayotganda, qabrda va qayta tirilganda yaqin keladidar va: “Qo‘rqmanglar, mahzun ham bo‘lmanglar. Sizlar uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q. Chunki siz hayotlik vaqtingizda “Robbimiz – Alloh” dedingiz va o‘sha so‘zda sobit turdingiz. Sizlarga va’da qilingan jannatga kirishingiz va u yerda abadiy qolishingiz haqida bashorat beramiz. Dunyo hayotida Alloh taolo bizni sizlarga ximoyachi, do‘stingiz qilib ko‘yganidek, oxiratda ham sizlar bilan birgamiz”, deydilar».

Farishtalar mo‘minlarga jannat bashoratini berish bilan birga, jannat vasfini ham bayon etadilar: “Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir”.

Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahulloh ushbu oyatning sharhida: “Zamonaviy ilm-fan yutuqlari qanchalik rivojlanmasin, ko‘ngil istagan narsani maxsus tugmacha topib bosmaguncha muhayyo qila olmaslar. Jannatda esa, ko‘ngilga keltirilsa bas, u muhayyodir. Jihozga hojat yo‘q”, deydi.

Jannatda ko‘ngil nimani tusasa, o‘sha narsa darhol muhayyo qilinadi. Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘ladi, u yerda o‘lim, kasallik, musibatu g‘am-tashvish bo‘lmas: “Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog‘at) ish(lari)bilan shoddirlar” (Yosin surasi, 55-oyat).

Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste’mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: “Bu ilgari biz yegan mevalarning xuddi o‘zi-ku?!” deydilar. Zero, ularga (surati)bir-biriga o‘xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).

Jannatdagi noz-ne’matlarning tashqi ko‘rinishi xuddi bu dunyodagiga o‘xshash bo‘lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o‘zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko‘rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo‘lar ekanlar.

Zikr etilgan jannat va uning ne’matlari “Robbimiz – Alloh” degan va shunda sobit bo‘lgan mo‘min-musulmonlar uchun (Bu) mag‘firatli va mehribon Zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir”.

Alloh taolo barchamizni O‘zining ziyofatidan bahramand bo‘luvchi bandalari qatoriga qo‘shsin.

Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilotu ahlis sunna”,
Vahba Zuhayliyning “Tafsirul muniyr” asarlarida asosida
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   17708   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari