Bismillahir Rohmanir Rohiym
1954 yilda Qirol Saud Saudiya ulamolarining aksariyati bergan fatvoga asoslanib, Ibrohim alayhissalomning maqomini ko‘chirishga qaror qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — tavof qiluvchilar ko‘payib, joy torlik qilayotgani sababli tavof maydonini (matofni) kengaytirish edi. O‘sha paytda tirbandlik katta muammoga aylangandi.
O‘sha vaqtda rahmatli Shayx Sha’roviy Makkai Mukarramadagi Shari’at fakultetida mudarris edi. U kishi Azhari sharifdan Saudiyaga yuborilgan delegatsiya a’zolaridan biri bo‘lgan. Shayx tasodifan bu qarordan xabardor bo‘ladi va buni shariatga zid deb hisoblaydi. U delegatsiyaning ba’zi a’zolariga bu ishni to‘xtatish uchun aralashishni taklif qiladi, lekin ular: “Bu ish tugagan, yangi bino qurib bo‘lingan, ko‘chirishga atigi 4 kun qoldi. Agar aralashsak, buni ichki ishlarga aralashish deb baholashlari va boshimizga muammo tushishi mumkin”, deb rad javobini berishadi.
Biroq Shayx qoniqmaydi. U Saudiyaning ba’zi olimlari, jumladan, Shayx Ibrohim An-Nuriy va Is'hoq Azzuz bilan bog‘lanadi. Ular ham harakat qilishganini, lekin endi kech ekanini aytishadi. Shunda Shayx Sha’roviy bu ishni yolg‘iz o‘zi qilishga qaror qiladi.
Shayx Sha’roviy Qirol Saudga besh sahifali telegramma yo‘llaydi (bu telegramma uchun u o‘zining butun oylik maoshini sarflagan). Unda masalani tarixiy va fiqhiy jihatdan asoslab beradi. Shayxning fikricha, maqomni ko‘chirish shariatga zid edi. Maqomni ko‘chirish tarafdorlari “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham uni ko‘chirganlar” degan dalilni ro‘kach qilishardi.
Shayx esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shariat sohibi va qonun chiqaruvchi ekanlarini, u zot maqomni qo‘ygan joydan keyinchalik kimdir uni ko‘chirishiga bu hujjat bo‘lolmasligini aytadi.
Shuningdek, u Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ishini misol keltiradi. “Ummu Nashhal” nomi bilan mashhur kuchli sel kelib, maqomni joyidan surib ketganda, Umar roziyallohu anhu Madinadan tashvish bilan yetib keladi. Sahobalarni yig‘ib: “Orangizda kim bu maqomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davridagi asl o‘rnini biladi?” deb so‘raydi.
Shunda bir kishi turib: “Ey Umar, men bunday holat bo‘lishini ko‘nglim sezib, maqomning atrofdagi narsalarga nisbatan masofasini arqon bilan o‘lchab qo‘ygandim. Mana shu arqondagi tugun asl o‘rnini ko‘rsatadi”, deydi. Biroq hazrati Umar zakovatlari bilan gapni shundoq qabul qilmay, arqonni keltirishni buyuradi va uning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgach, maqomni aynan o‘sha asl joyiga qaytaradi.
Telegramma Qirol Saudga yetib borgach, u olimlarni yig‘ib, maktubni o‘rganib chiqishni va ertasi kuni – maqom ko‘chirilishiga 24 soat qolganda – xulosa berishni so‘raydi. Saudiyalik olimlar telegrammadagi dalillarga qo‘shilishadi va bu so‘zlarni rad etib bo‘lmasligini aytishadi.
Shundan so‘ng Qirol maqomni ko‘chirishni to‘xtatish va u uchun qurilgan yangi binoni buzib tashlash haqida farmon beradi.
Shayx Sha’roviy matofni (tavof maydonini) kengaytirish uchun maqomga tegmasdan boshqa yechim taklif qiladi: Maqomni o‘rab turgan eski bino juda katta bo‘lib, aynan shu narsa tirbandlikka sabab bo‘layotgandi. Shayx o‘sha binoni olib tashlab, maqomning o‘zini ikki kishilik joy egallaydigan kichik hajmda qoldirishni va ustini o‘q o‘tmaydigan, mustahkam shisha gumbaz bilan yopishni taklif etadi. U: “Ibrohim maqomining ochiq ko‘rinib turishi “Unda ochiq alomatlar – Ibrohim maqomi bor” degan oyatga muvofiq keladi, uni odamlar ko‘zidan to‘sib qo‘yish mantiqsiz”, deydi.
Allohning fazli bilan Shayxning taklifi qabul qilinadi. Eski bino buzilib, maqom ustiga shisha gumbaz o‘rnatiladi va u odamlar ko‘ziga ko‘rinadigan holga keladi.
Shayx Sha’roviy bunday degandi: “Alhamdulillah, Qirol Saud meni chaqirtirdi. Bordim, u menga tashakkur aytib, mishlah (chopon), soat va ruchka hadya qildi”.
Shuningdek, Shayx Sha’roviy aytadiki, Qirol maqomni ko‘chirishni to‘xtatish haqida buyruq berganidan ikki kun o‘tib, Alloh uni tushida Ibrohim Xalilullohni ko‘rish sharafiga muyassar qilgan.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Aziz mehmonlar!
O‘zbekistonning qadimiy va mehmondo‘st zaminida ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi Xalqaro forumining ochilishi munosabati bilan sizlarni samimiy tabriklayman.
Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.
Shu ma’noda, 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan konseptual g‘oya oddiy, ammo o‘zgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi.
Muqaddas islom dinimiz insonni aziz va mukarram bilib, haqiqatni izlashga, ilm-ma’rifatga intilish, ilmiy kashfiyotlar qilishga, bunyodkor mehnatga, ta’lim, san’at va madaniyatni rivojlantirishga ilhomlantirib keladi.
Butun insoniyatning umumiy boyligi bo‘lgan bu noyob merosda mintaqamizning ham munosib hissasi bor. Ushbu bepoyon hudud jahon ilm-fani, ma’rifat va ma’naviyatining e’tirof etilgan yirik markazlaridan hisoblanadi. Ana shu muborak zaminda asrlar davomida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, hadisshunoslik va boshqa ko‘plab ilm sohalari yuksak taraqqiy etgan. Xususan, ulug‘ vatandoshlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari mumtoz allomalarning bebaho merosi jahon tafakkur xazinasidan munosib o‘rin egallaydi.
Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan qat’iyat bilan bormoqda.
Biz bu yangi Uyg‘onish davrini ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim, jamiyatning ma’naviy-intellektual o‘sishi, boy tarixiy merosimizga chuqur hurmat va har bir insonning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichi sifatida ko‘ramiz.
Shu bois, mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy va betakror merosini qayta tiklash, asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu tizimli ishlar, avvalo, islom merosini chuqur tadqiq etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu jarayonda islom sivilizatsiyasining buyuk namoyandalari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-madaniy majmualarni qayta tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Samarqand viloyatida buyuk muhaddis Imom Buxoriy memorial majmuasining qaytadan barpo etilishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olamida eng yirik ma’naviy, ilmiy va ma’rifiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilayotgani bizni albatta quvontiradi. Azaldan buyuk sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar tutashgan O‘zbekiston zamini bugungi kunda ham turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari tinchlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitida yashaydigan ezgulik diyoriga aylanib bormoqda. Ana shu ochiqlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik an’analari davlat siyosatimizning asosiy tamoyillarini tashkil etib, mamlakatimizning xalqaro gumanitar hamkorlik, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Muqaddas Qur’oni karimning “Iqro!” ya’ni “O‘qi!” degan abadiy da’vati dunyodagi barcha ezgu niyatli kishilarning bugungi va kelajak avlodlar baxt-saodatini ko‘zlab amalga oshirayotgan olijanob harakatlari uchun yo‘lchi yulduz vazifasini bajaradi. Oradan necha asrlar o‘tganiga qaramasdan, ushbu ilohiy chorlovning teran ma’no-mazmuni o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Aksincha, jadal o‘zgarishlar va texnologiyalar mislsiz sur’atlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda bu chaqiriq yanada baralla yangrab, aynan ilm-ma’rifat, ma’naviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi ekanini butun bashariyatga eslatib turibdi.
Bu muborak kalom O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi peshtoqiga bitilgan bo‘lib, uning oliy maqsadini – islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrash va chuqur o‘rganish, shu asosda dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdek ulug‘ missiyasini aniq belgilab beradi. Biz uchun mazkur Markaz xalqimizning tarixiy xotirasi ramzi, buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan chuqur ehtirom ifodasi, ayni paytda Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan shiddatli intilishining yorqin timsolidir.
Shu bilan birga, u ochiq intellektual makon bo‘lib, o‘z hayotini ilm-fanni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni asrash va kelgusi nasllarga bezavol yetkazishga bag‘ishlagan dunyodagi barcha ma’rifatparvar insonlarni, olim va tadqiqotchilar, diniy arboblar va mutaxassislarni birlashtirishga xizmat qiladi.
E’tiborlisi shundaki, Markaz qisqa vaqt ichida o‘tmish bilan kelajakni, Sharq bilan G‘arbni, qadim an’analar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni o‘zaro bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi. Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qo‘shma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz.
O‘zbekiston xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor. Buning uchun Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma nashrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda jahonning yetakchi ilmiy va madaniy markazlari bilan keng ko‘lamli gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Biz ilm va ma’rifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib qolishiga qat’iy ishonamiz va barchangizni shu ezgu maqsad yo‘lida hamkorlikka chaqiramiz.
Muhtaram do‘stlar!
Sizlar forum doirasida Samarqand va Termiz singari tarixiy shaharlarimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumanlarda ishtirok etar ekansiz, yurtimizda diniy-ma’rifiy qadriyatlarni tiklash va asrash, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, umuman, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan yaqindan tanishasiz. Mehnatkash va mehmondo‘st xalqimiz vakillari bilan bo‘ladigan samimiy uchrashuv hamda muloqotlar sizlarni yangi ilmiy tadqiqotlar va badiiy asarlar, madaniy-gumanitar loyihalar yaratishga ilhomlantiradi, deb ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin qalbdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizga rivoj, forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti