Bugun, 5 may kuni Madinai munavvarada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari ehromga kirib, Madina shahri yaqinida joylashgan miyqot – Zulhulayfa vodiysida tamattu’ hajining umrasini niyat qilgan holda, Makkai mukarramaga yo‘l olishdi.
Ta’kidlash joizki, ayni kunlarda “Haj – 2026” mavsumida ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatish, ularning haj ibodatlarini go‘zal ado etishlari uchun Ishchi guruhi tomonidan Makka shahrida ham joriy mavsumga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Xususan, mehmonxonalarda ozodalik va zarur jihozlar mavjudligi bilan bir qatorda, tibbiyot xonalari hamda oshxonalarning to‘liq shay holatga keltirilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, muqaddas ikki shaharning orasi 460 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofa zamonaviy avtobuslarda o‘rtacha tezlikda 5-6 soatda bosib o‘tiladi. Ehrom bog‘lab, Zul-Hulayfada umraga niyat qilgan, tilidan “labbayka” tushmagan hojilarimiz yo‘l mashaqqatini deyarli sezmaydilar, inshoAlloh.
Alloh taolo Makkai mukarramaga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi