Ko‘pchiligimiz Qur’onni faqat Ramazonda xatm qilishga odatlanganmiz. Ammo bu muborak Kalomni har oyda bir marta o‘qib chiqishni doimiy odatga aylantirsangiz, hayotingizda mo‘jizaviy o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi:
1. Uyingizga farishtalar tushadi
Hadisda kelishicha, Qur’on o‘qiladigan uyga farishtalar keladi, shaytonlar u yerni tark etadi. Xonadoningizda siz tushuntirib berolmaydigan bir xotirjamlik va sukunat qaror topadi.
2. Rizqingizga baraka kiradi
Qur’on tilovati vaqtni ham, mablag‘ni ham barakali qiladi. Oy davomida qilgan ishlaringizda unum, topganingizda esa xayr ko‘rasiz.
3. Zehningiz va xotirangiz charxlanadi
Muntazam Qur’on o‘qish miya faoliyatini yaxshilaydi, diqqatni jamlashni o‘rgatadi va sizni tushkunlik (depressiya)dan himoya qiladi. U qalbning shifosidir.
4. Duolaringiz ijobat bo‘ladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Qur’onni xatm qilsa, uning ijobat bo‘ladigan bitta duosi bordir», deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Har oyda bir marta Allohdan eng muhim hojatlaringizni so‘rash uchun maxsus imkoniyatga ega bo‘lasiz.
5. Qalbingiz nurga to‘ladi
Inson dunyo tashvishlari bilan charchaydi, qalbi zanglaydi. Har oylik xatm bu zanglarni tozalab, ruhiyatingizni yangilab turadi.
BU JUDA OSON!
Qur’on taxminan 600 betdan iborat. Agar kuniga 20 bet (1 juz) o‘qisangiz, bir oyda bemalol xatm qilasiz. Bu esa har namozdan keyin bor-yo‘g‘i 4 betdan to‘g‘ri keladi.
Bugundan boshlang! O‘zingizga soat vaqtini belgilang va Allohning kalomi bilan do‘stlashing.
Mirarab.uz
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati