Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2026   |   7 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2026, 7 Zulhijja, 1447

Besh yuz yillik ibodat va Allohning rahmati

06.05.2026   10820   2 min.
Besh yuz yillik ibodat va Allohning rahmati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rivoyat qilinishicha, Bani Isroildan bir kishi shunday debdi: "Yo Robbim! Senga shunday ibodat qilishni istaymanki, odamlar ichida payg‘ambarlardan boshqa hech kim bunday ibodat qilmagan bo‘lsin".

Shunda Alloh taolo unga dengiz o‘rtasidagi orollardan biriga chiqishni buyurdi. Bu bechora obid kishi orolga chiqib, u yerda na xotin, na farzand, na oila va na qabilasiz, yolg‘iz o‘zi besh yuz yil davomida Allohga ibodat qildi. Alloh u uchun bir anor daraxtini undirib qo‘ydi; qachon taom yeyishni istasa, bir anor uzib yerdi. U namoz o‘qir, Allohga ibodat qilar, Uni zikr etib, tasbeh aytar va Yaratganning maxluqotlari haqida tafakkur qilar edi.

Besh yuz yillik ibodatdan so‘ng, Alloh uning jonini oldi. Uning biror gunohi yo‘q edi: birovning molini yemagan, g‘iybat qilmagan, sudxo‘rlik qilmagan va yolg‘on guvohlik bermagan edi. Joni qabz qilingach, Alloh taolo marhamat qildi:

— “Ey bandam! Jannatga amaling bilan kirishni istaysanmi yoki Mening rahmatim bilanmi?”.

Banda besh yuz yillik ibodati uni Jannatga olib kirishga yetarli deb o‘ylab, shunday dedi:

— “Yo Robbim, amalim bilan kirishni istayman”.

Alloh yana so‘radi:

— “Jannatga amaling bilanmi yoki rahmatim bilanmi?” — “Amalim bilan, yo Robbim”, deb javob berdi banda.

Shunda Alloh taolo dedi:

— “Biz senga bergan ne’matlarimiz va sen qilgan ibodatlaringni o‘zaro hisob-kitob qilamiz”. Farishtalar tarozi bilan kelib, uni so‘roq-savol qila boshladilar. Uning amallar sahifasini ochib, Allohning ne’matlari bilan ibodatlarini solishtirdilar. Ko‘rdilarki, uning besh yuz yillik ibodati Alloh bergan faqatgina “ko‘z ne’mati”ga (ko‘rish qobiliyatiga) ham teng kelmadi. Hali yurak, eshitish, hayot, nafas olish, aql va hidoyat kabi son-sanoqsiz ne’matlarning hisobi bor edi.

Alloh taolo buyurdi:

— “Uni do‘zaxga olib boringlar!”. Shunda banda nido qildi:

— “Yo Robbim! Meni O‘z rahmating bilan Jannatga kiritishingni so‘rayman!”.

Xulosa: Biz qanchalik ko‘p amal qilmaylik, namoz o‘qib, ro‘za tutib, Allohni zikr qilmaylik, baribir haddan tashqari kamchilikka yo‘l qo‘yuvchimiz. Bizning yagona umidimiz — Alloh taoloning gunoh va xatolarimizni kechirib, bizni O‘z rahmatiga olishidadir.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ayollar zulmatni yorituvchi yulduzlardir

25.05.2026   1194   3 min.
Ayollar zulmatni yorituvchi yulduzlardir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ozor bersa zamonning o‘tkir nishlari,
Yagona Zotdan so‘rang Uning yordamin.


Muslima, soliha ayol eri bilan yaxshi yashaydigan, Robbisidan so‘ng eriga itoat etadigan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mana shunday ayolni madh etganlar va uni erkak kishi erishishi lozim bo‘lgan namunaviy ayol ekanini bildirganlar. Eng yaxshi ayol haqida so‘ralganda bunday javob berganlar:

قال: التي تسره إذا نظر، وتطيعه إذا أمر، ولا تخالفه في نفسها ومالها بما يكره

(Eng yaxshi ayol) eri qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat etadigan, o‘z nafsi va molida eri yomon ko‘rgan narsa bilan unga xilof qilmaydiganidir” (Imom Nasoiy rivoyati).

عن ابن عباس قال: لما نزلت الآية (والذين يكنزون الذهب والفضة) فانطلق عمر واتبعه ثوبان فأتى النبي صلى الله عليه وسلم فقال: يا رسول الله، إنه قد كبر على أصحابك هذه الآية. فقال النبي صلى الله عليه وسلم: ألا أخبرك بخير ما يكنزه المرء؟ التي إذا نظر إليها سرته وإذا أمرها أطاعته وإذا غاب عنها حفظته

Alloh taoloning:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّ كَثِيرًا مِنَ الْأَحْبَارِ وَالرُّهْبَانِ لَيَأْكُلُونَ أَمْوَالَ النَّاسِ بِالْبَاطِلِ وَيَصُدُّونَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ﴾

“Oltin va kumushni xazinaga bosadigan, Allohning yo‘lida sarflamaydiganlarga alamli azobning bashoratini beraver” (Tavba surasi, 34-oyat) oyati nozil bo‘lganda Umar va Savbon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga borishdi. Umar roziyallohu anhu: "Yo Rasululloh, bu oyat sahobalaringizga og‘ir keldi", dedilar.

Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Umar, kishi eng yaxshi xazina qiladigan narsaning xabarini beraymi? Unga qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat qiladigan va eri g‘oib vaqtida (moli va obro‘sini) himoya qiladigan soliha ayol (kishining eng yaxshi xazinasidir) (Imom Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning jannatga kirishini erining roziligiga bog‘lab qo‘ydilar. U zot aytadilar:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: أيما امرأة ماتت وزوجها عنها راض دخلت الجنة

“Qaysi ayol eri undan rozi bo‘lgan holda vafot etsa jannatga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Siz ana shu ayol bo‘lishga intiling, shunda haqiqiy baxtga erishasiz.

Shu’la: Oxirat diyorida eng avvalgilar qatorida siz uchun ajratilgan o‘rin bor. Faqatgina siz amallaringizni kundan-kunga mukammal qilib boring.

 

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan

Maqolalar