Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga bir kishining ko‘p xamr (may) ichayotgani haqida xabar yetdi. Shunda u zot u kishini sharmanda qilmadilar, nomini oshkor qilmadilar va la’natlamadilar ham...
Balki unga qisqa, ammo ma’nosi ulkan bir maktub yozdilar:
«Men seni Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Allohga hamd aytishga chaqiraman. U gunohni mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehsoni keng Zotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q va qaytish Uning huzurigadir».
Haligi kishi maktubni qayta-qayta o‘qir ekan, tinmay yig‘ladi, qalbi larzaga keldi, gunohining naqadar og‘irligini angladi va Allohga chin dildan tavba qildi.
Bu xabar Hazrati Umarga yetganda, atrofidagilarga dedilar:
«Agar bir birodaringizni toyilganini ko‘rsangiz, mana shunday yo‘l tutinglar. Uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanglar, Alloh taologa tavba qilishini so‘rab duo qilinglar va unga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lmanglar».
Xulosa shuki... Din insonlarni sharmanda qilish yoki yiqilganlarning sonini ko‘paytirish uchun kelmagan. Balki din — qalbi siniqlarni tiklash, qaytish eshigini ochish va gunohkorni yanada pastga urish uchun emas, balki uni qutqarish uchun qo‘lidan tutish uchun kelgandir.
Qanchadan-qancha qattiq so‘zlar borki, tavba eshigini yopib qo‘ygan va qanchadan-qancha rahm-shafqat bilan aytilgan so‘zlar borki, bir qalbning hidoyatiga sabab bo‘lgan...Alloh taolo: «Odamlarga yaxshi gaplar ayting» degan (Baqara surasi, 83-oyat).
Zero, birgina shirin so‘z bir insonni qutqarib qolishi va birgina yomon so‘z esa yangi bir shaytonni paydo qilishi mumkin.
Yo Allohim! Bizni yaxshilik eshigining kalitlari, yomonlik eshigining qulflari qilgin... Bandalaringga qarshi bizni shaytonga yordamchi qilib qo‘ymagin.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV