Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2026   |   21 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:39
Quyosh
05:11
Peshin
12:25
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2026, 21 Zulqa`da, 1447
Maqolalar

Shaytonga yordamchi bo‘lmang!

07.05.2026   3433   2 min.
Shaytonga yordamchi bo‘lmang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga bir kishining ko‘p xamr (may) ichayotgani haqida xabar yetdi. Shunda u zot u kishini sharmanda qilmadilar, nomini oshkor qilmadilar va la’natlamadilar ham...

Balki unga qisqa, ammo ma’nosi ulkan bir maktub yozdilar:

«Men seni Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Allohga hamd aytishga chaqiraman. U gunohni mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehsoni keng Zotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q va qaytish Uning huzurigadir».

Haligi kishi maktubni qayta-qayta o‘qir ekan, tinmay yig‘ladi, qalbi larzaga keldi, gunohining naqadar og‘irligini angladi va Allohga chin dildan tavba qildi.

Bu xabar Hazrati Umarga yetganda, atrofidagilarga dedilar:

«Agar bir birodaringizni toyilganini ko‘rsangiz, mana shunday yo‘l tutinglar. Uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanglar, Alloh taologa tavba qilishini so‘rab duo qilinglar va unga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lmanglar».

Xulosa shuki... Din insonlarni sharmanda qilish yoki yiqilganlarning sonini ko‘paytirish uchun kelmagan. Balki din — qalbi siniqlarni tiklash, qaytish eshigini ochish va gunohkorni yanada pastga urish uchun emas, balki uni qutqarish uchun qo‘lidan tutish uchun kelgandir.

Qanchadan-qancha qattiq so‘zlar borki, tavba eshigini yopib qo‘ygan va qanchadan-qancha rahm-shafqat bilan aytilgan so‘zlar borki, bir qalbning hidoyatiga sabab bo‘lgan...Alloh taolo: «Odamlarga yaxshi gaplar ayting» degan (Baqara surasi, 83-oyat).

Zero, birgina shirin so‘z bir insonni qutqarib qolishi va birgina yomon so‘z esa yangi bir shaytonni paydo qilishi mumkin.

Yo Allohim! Bizni yaxshilik eshigining kalitlari, yomonlik eshigining qulflari qilgin... Bandalaringga qarshi bizni shaytonga yordamchi qilib qo‘ymagin.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sodiq Toshboyev, “Haj-2026” mavsumi Ishchi guruhi rahbari

08.05.2026   3519   2 min.
Sodiq Toshboyev, “Haj-2026” mavsumi Ishchi guruhi rahbari

Sodiq Toshboyev,
“Haj-2026” mavsumi Ishchi guruhi rahbari
 

So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu o‘zgarishlar markazida, avvalo, inson qadri, uning manfaatlari va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish masalasi turibdi. Ayniqsa, fuqarolarimiz uchun muqaddas haj va umra ziyoratlarini markazlashtirilgan holda tashkil etish, ularning ibodatlarini emin-erkin va qulay sharoitlarda ado etishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik ziyoratchilar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Natijada haj va umra safarlarini tashkil etish tizimi sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xususan, hajning eng muhim bosqichlari hisoblangan
Mino, Arafot va Muzdalifada hojilarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar ham tubdan yaxshilanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yangi bosqichga chiqdi. Ushbu maskanlarda hojilarni joylashtirish, transport qatnovi, oziq-ovqat ta’minoti, sanitariya-gigiyena, tibbiy xizmat hamda ibodatlarni tartibli ado etish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar ziyoratchilarimizning xotirjamligini ta’minlamoqda.

“Haj-2026” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida barcha tashkiliy ishlar oldindan puxta rejalashtirildi va bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Hojilarimizning safar davomidagi har bir jarayoni — hujjatlarni rasmiylashtirish, aviaparvozlar, mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlanish, transport, tibbiy xizmat hamda ibodatlarni tartibli ado etish masalalari tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Ayniqsa,
keksa hoji ota va hoji onalar holidan muntazam xabar olish, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali ularga safar davomida alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ibodatlarni mukammal ado etishlari ta’minlanmoqda.

Shuningdek,
hojilarimiz uchun ma’rifiy suhbatlar, diniy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Bu, albatta, ularning haj amallarini mukammal va bekamu ko‘st ado etishlariga xizmat qiladi.

Bizning asosiy maqsadimiz – har bir hojining muborak safarini mazmunli, xavfsiz, xotirjam va mukammal tarzda ado ettirib, yurtimizga eson-omon qaytishlarini ta’minlashdir.
Shunga ko’ra,
barcha ishchi guruhi vakillari, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari bir tan-u, bir jon bo’lib xizmat qilmoqdalar.

Eng muhimi, hojilarimizning kayfiyati ko‘tarinki.
Ular muqaddas manzillarda ziyoratchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirmoqdalar. Har bir jarayonda davlatimizning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilmoqdalar, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda davlatimiz ravnaqi uchun samimiy duolar qilmoqdalar.



Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati

O'zbekiston yangiliklari