Yurtimizda ezgu an’anaga aylangan hashar tadbirlari bugun nafaqat obodonchilik, balki xalqimizning jipsligi va olijanobligini ifodalovchi umummilliy harakat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xotira va qadrlash kuni hamda muborak Qurbon hayiti bayramlari oldidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining qabristonlarni obod qilish va ziyorat odoblari yuzasidan aholiga qilgan murojaatiga hamohang tarzda xayriya hasharlari o‘tkazildi.
«Poklik — iymonning yarmidir», degan hadisi sharifga amal qilgan holda, respublika bo‘ylab 2 160 ta masjid, qabristonlar va 195 ta ziyoratgoh hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur xayrli tadbirlar doirasida tizimdagi tashkilotlar tomonidan hududlarda 257 mingdan oshiq bir yillik va ko‘p yillik gul ko‘chatlari o‘tqazildi. 3 mln. kvadrat metrdan ziyod maydon tozalanib, tartibga keltirildi. Daraxtlar parvarishiga ham alohida urg‘u berilib, 56 752 dona daraxt va qariyb 138 ming kvadrat metr devorlar oqlanib, ko‘rkam holatga keltirildi. Tozalik ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida 1 266 ta maxsus texnika jalb etilib, 23 ming tonnadan ortiq chiqindi olib chiqildi.
Ushbu savobli tadbirlarda soha xodimlari va ko‘ngilli yurtdoshlarimizdan iborat 142 000 nafar ishtirokchi faol qatnashib, munosib hissalarini qo‘shdi.
Bu kabi amallar hududlarning ko‘rkam qiyofa kasb etishi bilan birga, jamiyatimizda o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati