Qadrli vatandoshlar!
Siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu unutilmas kunda, avvalo, jang maydonlarida tengsiz jasorat ko‘rsatib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ota-bobolarimizning so‘nmas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Bugungi kunda oramizda sog‘-omon yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga yuksak ehtiromimizni izhor etamiz.
Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan azmu shijoatli harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini mehr va hurmat bilan yodga olamiz.
Muhtaram do‘stlar!
El-yurtimiz fashizmga qarshi kurashda dunyodagi barcha tinchliksevar xalqlar bilan bir safda turib, buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi urushda o‘sha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat bo‘lgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan.
Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘lib, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu ayanchli raqamlar qalblarimizni hali ham iztirobga soladi.
Urush davrida 214 ming nafar o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafar yurtdoshimiz esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘sha olovli yillarda xalqimiz “Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!” deb kechayu kunduz buyuk safarbarlik ruhi bilan yashadi. O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Insonparvarlikni buyuk qadriyatga aylantirgan xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat ko‘rsatdi.
Qadrli yurtdoshlar!
G‘olib va muzaffar ota-bobolarimizning Vatanimiz ozodligi va xalqimiz osoyishtaligi himoyasi yo‘lidagi ibratli faoliyatini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha biz ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahrida bunyod etilgan G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat fidoyilari” yodgorlik komplekslari xalqimiz uchun tabarruk maskanlarga aylanib bormoqda.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berilganini ta’kidlash lozim. Urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar, dam olish maskanlariga bepul va imtiyozli asosda yuborish bo‘yicha samarali tizim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu munavvar ayyom kunlarida joylardagi hokimliklar, jamoatchilik va yoshlar vakillari urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning xonadonlarida bo‘lib, oila a’zolarining holidan xabar olib, ularga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira marosimlari, madaniy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda.
Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir.
Hozirgi murakkab davrda Vatanimiz mustaqilligini, xalqimiz osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda. Ishonchim komil, bu borada 81 yil oldin g‘alaba bayrog‘ini jahon uzra baland ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning, xalqimizning mardlik va matonat maktabi bizga madadkor kuch bo‘lib xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, fashizm balosini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni bugungi shonli bayram bilan samimiy tabriklab, ularga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni, hurmatli faxriylarimizni, butun el-yurtimizni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Mehnatkash va donishmand xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!
Ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llab-quvvatlasin!
Xotira va qadrlash ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati