O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi xayrli islohotlar va yurtimizdagi obodonlashtirish ishlarining uzviy davomi o‘laroq, Buxoro viloyati Peshku tumanidagi «Bobo Arab» jome masjidining yangi binosiga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Zamonaviy loyiha asosida qayta qurilayotgan ushbu muazzam maskan bir vaqtning o‘zida 2200 nafar namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dirishga mo‘ljallangan bo‘lib, hudud aholisiga cheksiz quvonch bag‘ishladi.
Tantanali tadbirda Peshku tumani hokimi Hayot Davlatov, Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir Elov hamda keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar va homiylar ishtirok etib, ezgu niyatlar bilan poydevorga ilk g‘ishtlarni qo‘yishdi.
Muqaddas qadamjoning yangi qiyofasi milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy qulayliklarni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, hozirda mohir ustalar va saxovatpesha insonlar ushbu xayrli qurilishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar. Zero, masjidlarni obod etish — kelajak avlod uchun qoldirilgan eng go‘zal ma’naviy merosdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati