Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda rayhon zikr qilingan. Alloh taolo aytadi:
﴿وَالْحَبُّ ذُو الْعَصْفِ وَالرَّيْحَانُ﴾
“Yana (unda) somonli donlar va rayhon (va boshqa gullar) bor” (Rahmon surasi, 12-oyat).
﴿فَرَوْحٌ وَرَيْحَانٌ وَجَنَّةُ نَعِيمٍ﴾
“(uning uchun) rohat, rayhon (bo‘yi) va ne’matlar jannati bordir” (Voqea surasi, 89-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimga rayhon taklif qilinsa, uni qaytarmasin. Zero ko‘tarishga yengil, hidi xushbo‘ydir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Rayhonning xushbo‘y hidi ko‘ngilga xursandchilik bag‘ishlaydi. Uni hidlash va uyga qo‘yib qo‘yish bilan yuqumli kasalliklar daf bo‘ladi. Badanga ishqalansa, terlashni, ortiqcha rutubat va noxush hidlarni ketkizadi.
Qora rayhonning yirik bargli va ko‘kish ranglisi erituvchi xususiyatga ega. Shuningdek, u tanadagi tiqilmalarni ham ochadi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
Joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Surxondaryo viloyatining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi majlislar zalida ikki kunlik o‘quv-seminari doirasida "Mafkuraviy xatarlarga qarshi kurashishda otinoyilarning o‘rni hamda mas’uliyati" mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda diniy soxa xodimlari ishtirok etishdi. Ishtirokchilarga seminarning ahamiyati, "Aqida ilmining moxiyati va moturidiylik ta’limoti", "Yot oqimlar g‘oyalariga raddiyalar" - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi I.Abduraxmonov, "Globallashuv asrida ayollarni g‘oyaviy taxdidlardan asrash" - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Sh.Jo‘rayev hamda "Xotin-qizlar bilan ishlashda uslubiy tavsiyalar" - O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dots.nti D.Turdiyevalar mavzularida so‘z yuritdilar.
Seminar davomida bugungi kunda uchrayotgan mafkuraviy tahdidlar, ularning oldini olish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida ma’rifiy faoliyatni kuchaytirishda otinoyilarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, mavzu yuzasidan fikr va takliflar muhokama qilindi hamda qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.
Seminar-trening o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati