Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Bog‘iylik tushunchasining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari

12.05.2026   22049   10 min.
Bog‘iylik tushunchasining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bog‘iylik arab tilidagi “bag‘yun” (بغي) so‘zidan olingan bo‘lib, arab tilidan tarjima qilinganda tilamoq, qasd qilmoq, jabrlamoq, zulm qilmoq, buzuqlik, axloqsizlik[1] kabi ma’nolarni anglatadi.

Bog‘iy esa باغي)) zulmkor, tajovuzkor va sulhni buzuvchi, shuningdek, podshoh (rahbar)ga qarshi chiquvchi, qaroqchilik, yo‘lto‘sarlik qilib, birovning moli hamda joniga qasd qiluvchi ma’nosi bildiradi[2].

Qur’oni karimda bag‘iy/bag‘aa (بغي/بَغَى) so‘zi bir necha xil ma’noni ifodalab kelgan. Jumladan «A’rof» surasining 33-oyatida “nohaq tajovuzkorlik”[3] ma’nosini anglatgan bo‘lsa, «Qosos» surasining 76-oyatida esa “takabburlik qildi”[4] ma’nosida kelgan.

Ulamolar istilohiy ma’nosi haqida: “Bog‘iy – biror ta’vil[5]ga ko‘ra adolatli amirga qarshi chiquvchi musulmonlarning qurol-aslahaga ega bo‘lgan toifasidir”, deb ta’kidlaydilar[6].

Burhoniddin Marg‘inoniy (hij.511/593–mil. 1123/1196)ning shogirdi faqih Majduddin Ustrushaniy podshohga qarshi bosh ko‘tarib chiqqan guruhlarni qoralab, bunday toifalarni Islom nuqtayi nazaridan bog‘iy ekanligi, bunday kimsalar xalq va dinimizning haqiqiy dushmanlari deb baho beradi. Quyida uning “Kitab al-fusul” nomli asaridan parcha beramiz:

“Musulmonlar haqli ravishda hukmdorlik qilayotgan podshoh qo‘l ostida xalq tinch va osoyishta yashab turganlarida o‘zlari ichidan unga qarshi bosh ko‘targan kishilar toifasi bog‘iylardir[7]”. Ulamolar hukmiga ko‘ra, shariatda bog‘iylarga qarshi kurashda fuqarolar bor imkoni bilan davlatga yordam berishlari shart[8].

Filolog Ibn Faris bog‘iylikka quyidagicha ta’rif beradi:

Bag‘yun so‘zi ب, غ va ي harflaridan tashkil topgan bo‘lib, bu so‘z quyidagi ikki xil ma’noga ega:

birinchi ma’nosi – biror narsani izlash, talab qilish;

ikkinchi ma’nosi – axloqsizlik, buzuqlikning bir turi[9]

Ibn Nujaym bog‘iylikni quyidagicha ta’riflaydi: Arab tilidagi باغ (baag‘( so‘zining ko‘plik shakli بغاة (bug‘aat) bo‘lib, bu so‘z odamlarga jabr-zulm o‘tkazuvchilarga nisbatan ishlatiladi. Shuningdek, fitnalarni qo‘zg‘atuvchilar hamda hukumatga itoat etmaydiganlar ham bog‘iy deb ataladi[10].

Haskafiy bog‘iylik haqida: Bag‘yun so‘zining lug‘aviy ma’nosi biror narsani izlash va istash kabi ma’nolarni bildiradi. Jumladan, Qur’oni karimdagi: «Mana shu biz istagan narsa edi»[11] (Kahf surasi, 64–oyat) oyatidagi  «نبغ» (nabg‘i( oyati bunga misol bo‘ladi.

Istilohda esa, ruhsat etilmagan, man etilgan narsalarni, xususan, zulm, odamlarga ziyon yetkazish kabi qabih amallarni istashni anglatishini aytib o‘tadi[12].

«Tabyiynul-haqoiq sharhi kanzud-daqoiq» asarida bu so‘zning ma’nosi quyidagicha keltiriladi: «Urfda halol bo‘lmagan narsani jabr va zulm bilan tortib olishdir. Fuqaholar nazdida esa, mavjud boshliqqa qarshi chiqish bu – «bog‘iy»lik hisoblanadi[13].

Abul-Barakot Nasafiy (hij.701/mil.1310 vaf.et.): «Kanzud-daqoiq»da «bog‘iy»larni shunday ta’riflaydi: Musulmonlar qavmidan boshliqqa itoat qilishlikdan bosh tortgan kishilar jamoasi[14]. Demak,  muallifninig ta’biri bo‘yicha «bog‘iy» mavjud hokimiyatga qarshi chiquvchi ma’nosini anglatadi.

Alim ibn al-Ala al-Andaritiy ad-Dihlaviy: Musulmonlardan rahbarga qarshi chiquvchilar toifasi bog‘iylar deb ataladi. Agar ular qurol olib hukumatga qarshi chiqsa ularga nisbatan qarshi kurashish lozim. Shuningdek, bu kabi toifalarga qarshi kurashda mamlakat fuqarolari ham hukumatga yordam bermoqliklari shart.

Hanafiylik mazhabining mashhur olimlaridan Ibn Humam o‘zining “Fath al-Qadiyr” asarida bog‘iylikka izoh berib uni bir necha turlarga tasniflaydi:

Faqihlar nazdida bog‘iy so‘zi mavjud hukumatga qarshi chiqishni anglatib ular to‘rt guruhga ajratiladi:

  1. Hech qanday ta’vilsiz faqatgina odamlarning mol-mulkini egallash va ularning joniga qasd qilish bilan shug‘ullanuvchilar toifasi bo‘lib ular qaroqchi, yo‘lto‘sarlar deb nomlanadi.
  2. Yuqorida zikr etilgan toifa singari bo‘lib, biroq Qur’onni noto‘g‘ri ta’vil qilib musulmonlarga zulm qiladilar.
  3. Hukumatga bo‘ysunishni o‘zlarining noto‘g‘ri ta’villari bilan rad etuvchi hamda unga qarshi chiqishga da’vat etuvchilar toifasi «Xorijiylar[15]» deb ataladi. Xorijiylar o‘zaro ixtilof sababli bir-birlarini kofirga chiqaruvchi ko‘plab firqalardan tashkil topgan hamda davlat rahbariga itoat etishdan bosh tortib isyon ko‘targanlari uchun “bog‘iylar” deb hukm qilingan. Ular musulmonlar molini o‘zlashtirish va qonini to‘kishni haq deb e’lon qildilar, musulmon ayollarni asirlikka oldilar, Payg‘ambarimiz alayhissalomning xalifalarini murtadlikda aybladilar[16].
  4. Hukumatga qarshi chiquvchi musulmonlar toifasi bo‘lib, biroq xorijiylar singari musulmonlarning qonini to‘kishni joiz deb bilmaydilar[17].

Zayniddin ibn Nujaym al-Hanafiy: Bog‘iy – hukumatga qarshi chiquvchi musulmonlar toifasi bo‘lib, biroq xorijiylar kabi musulmonning qonini to‘kishni va yosh bolalarni asirga olishni joiz deb hisoblamaydilar[18].

Ibn Obidin ash-Shomiy “Radd al-muxtor” asarida: Bog‘iylar toifasi o‘z ichiga hokimiyatni qo‘lga kiritishga intilgan barcha guruhni oladi. Ular begunoh odamlarga o‘zlarining noto‘g‘ri ta’villari bilan qarshi chiqadilar va “haqiqat biz bilan” deb buzuq da’voni qiladilar[19].

Hanafiy mazhabining yirik ulamolaridan Imom Kosoniy aytadilar: Bog‘iylar – xorijiylar singari kichik yoki katta gunoh qilgan insonni kufrda sanaydilar. Hukumatni dinga amal qilmaslikda ayblab, o‘zlarining noto‘g‘ri ta’villari orqali unga qarshi chiqadilar, shuningdek, rahbarni qatl etishni, uning molini o‘zlashtirishni va qonini to‘kishni joiz deb biladilar [20].

Mazkur masalada hozirgi zamonning yetuk olimlardan biri Vahba Mustafo Zuhayliy (1932-2015) o‘zining “Al-fiqh al-islomiy va adillatuhu” asarida sunniylikning to‘rttala mazhabi xulosalari asosida bog‘iylarga “imom (rahbar)ga asossiz tarzda bo‘ysinishni rad etgan musulmon qavmi (guruh)ga aytiladi” deb ta’rif berib, “Kim bizga qarshi chiqsa (qilichini chiqarsa), u bizdan emas” degan hadisni keltirgan[21].

Demak, din niqobi ostidagi terroristik tashkilotlarning davlat rahbariga qarshi chiqib, Islom davlatini tuzishga qaratilgan hatti-harakatlari Islom ta’limotiga ko‘ra batamom asossizdir.

Davron NURMUHAMMAD

 

 


[1] An-Naim ul-kabir. Arabcha-o‘zbekcha lug‘at. “Namangan” nashriyoti. Namangan–2014. B.57.
[2] D.Maqsudov. Abul Barokat an-Nasafiy va uning Madorik at-Tanzil va Haqoiq at-ta’vila asari. “Movarounnahr”, 2014. B 118.
[3] A.Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2004.
[4] O‘sha manba.
[5] Ta’vil-lug‘atda “izohlash yoki boshqa ma’nosiga qaytarish” ma’nosida keladi. Istilohda olimning Qur’oni karimdagi ayrim oyatlarni o‘z bilimi darajasida izohlab tushuntirishi “ta’vil” deyiladi. Qur’oni karimda “ta’vil” so‘zi “tafsir va ta’yin, ofiyat va oqibat, bashoratning amalga oshishi, tush ma’nosi, amalga oshirilgan ish sababi” kabi bir necha ma’nolarda ham kelgan. Qur’oni karimdagi “mutashobih”, “muqattoat” oyatlarining ma’nosini Alloh taolodan o‘zga hech kim aniq bilmaydi. Ammo shunga qaramay, ayrim hidoyatdan og‘ganlar fitna qo‘zg‘ash uchun havoyi nafslariga moslab ularni ta’vil etishga urinishgan. Keyingi paytlarda “ta’vil” so‘zi umuman oyatlarni tafsirlash, izohlash, sharhlash kabi ma’nolarda ham ishlatilmoqda.
[6] Karang: Mualliflar jamoasi. Islom ma’rifati: asliyat va talqin (o‘quv-uslubiy qo‘llanma). “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. – 93 b.
[8]A.Mansur.Muqaddas matnlar, fatvolar hamda yetakchi ulamolarning asarlarida aqidaparastlik va zo‘ravonlikning qoralanishi // Islom ma’rifatida dunyoviy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. B. 9.
[9] Ibn Faris, Mu’jam maqayis al-lug‘a, B.144, Ibn Manzur, Lison al-Arab, B.14:75-78,
[10] Ibn Nujaym. al-Bahr al-ra’iq. 5:150.
[11]A.Mansur Qur’oni karim: ma’nolarning tarjima va tafsiri.–T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2006.
[12] Al-Haskafiy. al-Durr al-Muxtor. 4:261.
[13] Qarang: Usmon ibn Ali. Tabyiynul-haqoiq sharhi kanzud-daqoiq. II-jild. Livan, 2010. B. 58.
[14] Abul-Barakot Nasafiy. Kanzud-daqoiq fi fiqhis-sodatil-ahnaf. Qohira, 2006. B. 79.
[15]Tarix fanlari doktori A. Hasanovning ta’kidlashicha qaysi davrda bo‘lsin mavjud hokimiyatga qarshi chiquvchilar “xorijiylar” deb atash mumkin. Bu esa, “bog‘iy” so‘zi bilan sinonim degan ma’noga olib keladi.
[16] Ilmiy-tahliliy axborot. 2/2010. Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2010. B.36.
[17] Ibn Humam Fath al-Qadiyr. 5:334.
[18] Ibn Nujaym. al-Bahr al-ra’iq. 5:151.
[19] Ibn Obidin ash-Shomiy. Radd al-muxtor. 4:262; ad-Dasuqiy. al-Hoshiya. 4:261; Badriddin al-Ayniy. al-Binoya sharh al-Hidoya. 5:888.
[20] Al-Kasoniy. Bado’i al-sano’i. 7:140
[21] Zuhayliy M. Al-fiqh al-islomiy va adillatuhu. Damashq, Dorul fikr, 2-kitob. B.481.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   22904   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari