O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining kasbiy mahoratini oshirish hamda Qur’oni karim qiroatini yanada mukammallashtirishga qaratilgan tizimli o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Mazkur loyiha imomlarning nafaqat ilmiy salohiyatini yuksaltirish, balki tajvid qoidalarini amaliyotda go‘zal va bexato qo‘llash ko‘nikmalarini puxtalashga xizmat qilmoqda.
Reja asosida tashkil etilayotgan navbatdagi darslar shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarni malakali mutaxassislar – Abdulloh qori Haydarov, Abdusamad qori Mamasoliyev va Abdulbosit qori Eshqobilov olib bormoqda.
Ushbu o‘quv jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — masjidlardagi qiroatlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va soha xodimlarining tajvid ilmi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashdir.
Bu kabi amaliy saboqlar diniy soha xodimlarining ma’naviy va ilmiy rivojida muhim pog‘ona bo‘lib, respublikamizning boshqa hududlarida ham izchillik bilan davom ettiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati