Shu yil 12 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov Indoneziya Haj fondi direktori o‘rinbosari Indra Gunavan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, keyingi yillarda haj kvotasi 15 mingdan oshgani va ziyoratchilarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lumot berdi.
Muloqot davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov O‘zbekistonning haj va umra tadbirlarini tashkil etishdagi 30 yillik boy tajribasini alohida ta’kidlab, Indoneziya bilan diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tajriba almashish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini bildirdi.
O‘z navbatida Indoneziya delegatsiyasi rahbari Indra Gunavan samimiy qabul va foydali ma’lumotlar uchun minnatdorlik izhor etish barobarida ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga to‘xtalib, Indoneziyaning sobiq prezidenti Sukarno Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilgan ilk xorijiy davlat arbobi ekaniga urg‘u qaratdi.
Shuningdek, u o‘z so‘zida Indoneziyaning haj va umra tizimiga oid ma’lumotlarni taqdim etish barobarida muborak safarga ziyoratchilarni tayyorlash tajribasi haqida ma’lumot taqdim etdi.Uchrashuv asnosida tomonlar kelgusida mutaxassislarning masofaviy tajriba almashishiga kelishib oldi.
Shu bilan birga, tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan muloqot yakunida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati