Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Xalqaro akademik hadis tarixi anjumanlari” loyihasi doirasida “Imom Buxoriyni qayta kashf etish” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Markaz, Hadis ilmi maktabi hamda Turkiyaning Anqara va Anqara Yildirim Boyazid universitetlari hamkorligida tashkil etilgan anjuman hadisshunoslik sohasidagi zamonaviy tadqiqotlarni muhokama qilish uchun xalqaro akademik platforma vazifasini o‘tadi.
Forumning ochilish marosimida Imom Buxoriy ilmiy merosining islom tamaddunidagi alohida o‘rni va uning bugungi kun ilm-fan oldidagi yuksak ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Ilmiy anjuman O‘zbekiston va Turkiya ilmiy doiralari vakillari ishtirokida olti sho‘bada tashkil etildi.
Konferensiya davomida “Sahihul Buxoriy” asarining tarixiy konteksti, ilk islom davri siyosiy voqealarining hadislardagi in’ikosi hamda Samarqand va Buxoro hadis maktablarining shakllanish tarixi ilmiy dalillar asosida tahlil qilindi.
Munozaralarda asardagi “Fitan” (“Fitnalar”) bobining tadqiqi, dunyo fondlarida, xususan, Istanbulning Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo‘lyozma nusxalar matnlarining qiyosiy tahlili hamda “Fathul Boriy” va “Umdatul qoriy” kabi sharhlarning metodologik xususiyatlari asosiy o‘rin oldi.
Shuningdek, mutaxassislar Imom Buxoriyning roviylarni baholashdagi o‘ziga xos tamoyillari, “Sahih”da qo‘llangan “injoz” (asarga an’anaviy hadis to‘plamlarida mavjud bo‘lmagan yangicha boblarni qo‘shish) va “sulosiyot” (uch roviyli hadislar) uslublarining mohiyati hamda alloma asarlarini zamonaviy islomshunoslik va fiqhiy-lug‘aviy mezonlar asosida o‘rganishning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Anjuman yakunida tadqiqotchilar tomonidan Imom Buxoriy merosining axloqiy-tarbiyaviy ahamiyati, “Al-Adab al-mufrad” (“Odobnoma”) asarining mazmuniy tahlili va jahon kutubxonalaridagi manbalarning bibliografik tavsifi yuzasidan ilmiy xulosalar bayon etildi. Tadbir so‘nggida faol ishtirokchilarga xalqaro darajadagi sertifikatlar topshirildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati