“Haj – 2026” ishchi guruhi rahbari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda mahalliy mutasaddilar Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Guvohi bo‘lindiki, ushbu muborak maskanlardagi ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar, qulayliklar va infratuzilmalar o‘tgan yillarga nisbatan bir necha baravar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan.
O‘zbekiston tomonining talablariga ko‘ra, ziyoratchilar haj kunlarida ko‘p vaqt toat-ibodatda bo‘ladigan Mino vodiysidagi chodirlar to‘liq gipsokarton bilan o‘raldi, har biriga zamonaviy freonli konditsioner o‘rnatildi va yuklar uchun alohida tokchalar qilingan. Yangi chodirlar gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va ikki qavatli qo‘shimcha yuvinish xonalari ham qurilgan. Avvalgi chodirlar matosi va markazlashgan sovutish tizimi jazirama kunlarda yetarli haroratni saqlolmas edi.
Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatilgan. Mazkurlarda to‘shak, yostiq-choyshablar va har bir hoji uchun soyabon, sanitariya-gigiyena vositalari jamlanmasi tayyorlab qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur hududlarda uch mahal issiq ovqat tarqatish, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Joriy mavsumda chodirlar videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, zarur hollarda hojilarga tezkor xizmat ko‘rsatish, xavfsizlikni ta’minlash va begona shaxslarning xatti-harakatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati