Insonlar hayotda bir birlari bilan ahl inoq yashashlari dinimizda maqtalgan ko‘rsatma hisoblanadi.
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning birodaridir, hech bir holatda uning nasihatini yerda qoldirmaydi”. deganlar.
Dinimizda mo‘minlar bir-birlari bilan aka-uka kabidirlar. Shunday ekan, mo‘minlar o‘rtasidagi haqiqiy munosabat tug‘ishgan birodarlari bilan qiladigan munosabati kabi bo‘lishi kerak. Hatto ziyodaroq bo‘lishi darkor. Shu sababdan birodarini sevmoq, unga go‘zal muomala qilmoq, uning oldida kamtar bo‘lmoq, o‘zining va aka-ukasining obro‘sini himoya kilgani kabi uning ham sharafini himoya qilmoq mo‘minlik, do‘stlik shartlaridandir.
Bunday ahillikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazratlari Madinaga borgan vaqtlarida sahobai kirom o‘rtasida tadbiq etilgan. Makkada bor-yo‘g‘ini qoldirib, faqat Allohning roziligi uchun hijrat qilgan makkalik muhojirlar bilan ularni quchoq ochib kutib olgan Madina xalqi – ansorlar orasida yuzaga keldi.
Islomga yordam berganlari uchun madinalik musulmonlar ansor – yordamchi deyildi. Madinalik ansor makkalik birodariga bor-yo‘g‘ini topshirib, haqiqiy samimiylik muomalasi qilgan bo‘lsalar ham, ahli Makkaliklar o‘zlariga ko‘rsatilgan bu insoniy birodarlikka minnatdorlik bildirish bilan birga, birodarlariga ortiqcha yuk bo‘lmaslik uchun savdo-sotiq bilan shug‘ullana boshladilar. Biroz vaqtdan so‘ng esa ularning o‘zlari boshqa muhtojlarga yordam bera boshladilar. Ulardan biri hazrati Abdurrahmon ibn Avf (Alloh undan rozi bo‘lsin) Shom safaridan kelgan savdo mollarini tuyalari bilan birga Madina kambag‘allariga ehson qilganlar.
Ma’lumki, inson nuqsondan xoli emas. Ammo musulmon o‘z birodaridagi ba’zi kamchiliklarni shartta yuziga solmaydi. Balki munosib bir vaqtda munosib bir so‘z bilan hamda tanho bir joyda aytadi va nasihat qiladi. Birodarining xatoyu kamchiliklarini oshkor aytish johillarning harakatidir.
Zero, buning foydadan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi. Chunki o‘rtada hasad, gina-adovat, janjallar kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun nasihat qiluvchilar, mutlaq tanho bir joyda, shirin til bilan o‘zining kamchiliklarini ham biroz misol keltirib, uni o‘zidan sovutib, uzoqlashtirmaydigan darajada o‘git berishlari lozim. Har holda, barchamiz nasihatga muhtojmiz.
Yaratgan bir-birimizni to‘g‘ri yo‘lga chaqirishimiz ham dinimiz amri, ham dunyoyu oxiratimizning saodati uchun zarurdir. Barchamizga shunday go‘zal xulq egasi bo‘lishimizni nasib aylasin.
Kenjabek Soliyev,
Chust tuman “G‘oyib eronlar” jome masjidi imom-xatibi.
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws