Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Sabr va shukrning ko‘rinishlari

14.05.2026   20237   2 min.
Sabr va shukrning ko‘rinishlari

Islom dini sabr va shukrni inson hayotining asosiy ustunlaridan deb biladi. Sabr — qiyinchilik paytida bardosh qilish, gunohdan tiyilish va toatda sabotli bo‘lishdir. Shukr esa Alloh bergan ne’matlarni qadrlash, til bilan ham, qalb va amal bilan ham minnatdorlik bildirishdir. Bu ikki xislat mo‘minning imonini mustahkam qiladi.

Qur’ondan dalillar Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Baqara surasi, 153-oyat).

Bu oyat sabrning qanchalik ulug‘ maqomga ega ekanini ko‘rsatadi.

Yana bir oyatda: “Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga (ne’matimni) ziyoda qilaman” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Bu oyat shukr qilish ne’matning ortishiga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
Hadis

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtida aytganlar: “Mo‘minning ishi ajoyibdir. Unga yaxshilik yetsa — shukr qiladi, bu uning uchun yaxshilik; agar musibat yetsa — sabr qiladi, bu ham uning uchun yaxshilik”.

Bu hadis sabr va shukr mo‘min hayotining har ikki holatida ham foydali ekanini ko‘rsatadi.
Sabrning turlari

Toatda sabr — namoz, ro‘za va boshqa ibodatlarda bardavom bo‘lish.

Gunohdan sabr — harom ishlardan o‘zini tiyish.

Musibatda sabr — qiyinchilik va sinovlarda sabot qilish.

Shukrning ko‘rinishlari

Qalb bilan shukr — Alloh bergan ne’matlarni tan olish.

Til bilan shukr - “Alhamdulillah” deyish.

Amal bilan shukr - ne’matni yaxshilik yo‘lida ishlatish.

Shukr qilgan insonning hayotida baraka ortadi, qalbi xotirjam bo‘ladi.

Ibratli voqea

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarida og‘ir sinovlar bo‘lgan: ochlik, ta’qib, yaqinlarining vafoti. Lekin u zot doimo sabr qilganlar va Allohga shukr aytganlar. Toif voqeasida ham dushmanlaridan ozor ko‘rganlarida, u zot duo qilib, sabr qilganlar. Bu - haqiqiy sabr namunasidir.

Xulosa
Sabr - qiyinchiliklarda qalbni mustahkamlaydi, shukr esa ne’matlarni ziyoda qiladi. Mo‘min inson hayotida ham sabr, ham shukr bilan yashashi kerak. Sabrsiz imon mukammal bo‘lmaydi, shukrsiz ne’mat bardavom bo‘lmaydi.

Sabr va shukr - jannat yo‘lidagi ikki nurdir.


Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome masjidi imom-xatibi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saxovatpesha yurtdoshlarimiz masjidlar kommunal to‘lovlarini qo‘llab-quvvatladi

07.08.2026   25802   1 min.
Saxovatpesha yurtdoshlarimiz masjidlar kommunal to‘lovlarini qo‘llab-quvvatladi

2026 yilning iyun–iyul oylari davomida yurtdoshlarimiz tomonidan DOMO mobil ilovasi orqali masjidlarning kommunal xarajatlarini qoplashga qaratilgan xayrli tashabbus faol qo‘llab-quvvatlandi.


Ushbu davr mobaynida 650 ta masjid uchun jami 254,7 million so‘m xayriya mablag‘lari yig‘ilib, po‘latday shaffoflik bilan to‘lovlarga yo‘naltirildi.


Sarflangan mablag‘lar taqsimoti:

  • 225,9 mln so‘m (88,7%) — elektr energiyasi to‘lovlariga;

  • 28,8 mln so‘m (11,3%) — tabiiy gaz xarajatlarini qoplashga.


Eng ko‘p xayriya qilingan hududlar:

  • Toshkent shahri — 103,6 mln so‘m;

  • Toshkent viloyati — 29,3 mln so‘m;

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 27,4 mln so‘m;

  • Farg‘ona viloyati — 24,9 mln so‘m. 
     

Bu kabi xayrli ehsonlar masjidlarimizning uzluksiz faoliyatini ta’minlash va namozxonlar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.


Barcha saxovatpesha hamyurtlarimizga samimiy minnatdorlik bildirib, qilinayotgan ezgu amallarga Haq taolodan baraka tilaydi.
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari