Islom dini sabr va shukrni inson hayotining asosiy ustunlaridan deb biladi. Sabr — qiyinchilik paytida bardosh qilish, gunohdan tiyilish va toatda sabotli bo‘lishdir. Shukr esa Alloh bergan ne’matlarni qadrlash, til bilan ham, qalb va amal bilan ham minnatdorlik bildirishdir. Bu ikki xislat mo‘minning imonini mustahkam qiladi.
Qur’ondan dalillar Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Baqara surasi, 153-oyat).
Bu oyat sabrning qanchalik ulug‘ maqomga ega ekanini ko‘rsatadi.
Yana bir oyatda: “Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga (ne’matimni) ziyoda qilaman” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Bu oyat shukr qilish ne’matning ortishiga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
Hadis
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtida aytganlar: “Mo‘minning ishi ajoyibdir. Unga yaxshilik yetsa — shukr qiladi, bu uning uchun yaxshilik; agar musibat yetsa — sabr qiladi, bu ham uning uchun yaxshilik”.
Bu hadis sabr va shukr mo‘min hayotining har ikki holatida ham foydali ekanini ko‘rsatadi.
Sabrning turlari
Toatda sabr — namoz, ro‘za va boshqa ibodatlarda bardavom bo‘lish.
Gunohdan sabr — harom ishlardan o‘zini tiyish.
Musibatda sabr — qiyinchilik va sinovlarda sabot qilish.
Shukrning ko‘rinishlari
Qalb bilan shukr — Alloh bergan ne’matlarni tan olish.
Til bilan shukr - “Alhamdulillah” deyish.
Amal bilan shukr - ne’matni yaxshilik yo‘lida ishlatish.
Shukr qilgan insonning hayotida baraka ortadi, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Ibratli voqea
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarida og‘ir sinovlar bo‘lgan: ochlik, ta’qib, yaqinlarining vafoti. Lekin u zot doimo sabr qilganlar va Allohga shukr aytganlar. Toif voqeasida ham dushmanlaridan ozor ko‘rganlarida, u zot duo qilib, sabr qilganlar. Bu - haqiqiy sabr namunasidir.
Xulosa
Sabr - qiyinchiliklarda qalbni mustahkamlaydi, shukr esa ne’matlarni ziyoda qiladi. Mo‘min inson hayotida ham sabr, ham shukr bilan yashashi kerak. Sabrsiz imon mukammal bo‘lmaydi, shukrsiz ne’mat bardavom bo‘lmaydi.
Sabr va shukr - jannat yo‘lidagi ikki nurdir.
Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome masjidi imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV