Mazhabsizlik tarafdorlari o'zlarini bir qancha turli nomlar bilan ataydilar:
Ta'kidlash joizki, Nabiy alayhissalom hayotlik davrlarida sahobalar muayyan shar'iy masala chiqib qolsa, u zotning o'zlariga murojaat qilib, echimini topganlar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so'ng sahobalar shar'iy savollar bo'yicha mujtahid darajasida bo'lgan sahobalardan fatvo so'raganlar. Tobeinlar sahobalar tutgan yo'lni tutib, mujtahidlarga ergashganlar.
Mashhur alloma Ibn Rajab “Ko'plab mazhablar orasida faqat to'rttasining saqlanib qolgani, asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo'lgan”, deb yozgan.
Ulamolar mazhablarga ergashish – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta'kidlaydilar: “Agar ixtilof ni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, rioyati).
Islom ulamolari shar'iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid) mujtahid olimga taqlid qilishi lozimligini ta'kidlaydilar. Bunga Qur'ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “…Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so'rang” (Nahl surasi, 43-oyat). Ulamolar oyat Kitob va sunnatga qaytish shaklida emas, balki ahli zikrlarga ergashishlikka buyurish ko'rinishida nozil bo'lganiga e'tibor qaratadilar.
Mazhablarda Qur'on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o'ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo'lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo'q bo'lib, “Qur'on va sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da'vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra'yiga va nafsiga to'g'ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma, musulmonlar orsida ko'plab noto'g'ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar ahli sunna val jamoa olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Shunday ekan, barchamiz bir mazhabni mahkam ushlab, unga amal kilaylik.
Kosonsoy tumani "Qo'qumboy" jome masjidi imom-xatibi Hayrulloh Abdullayev
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi