Savol: Ayollar sajda qilganda bilak va tirsakni qay holda tutadilar?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ayollar sajdani ham qimtingan, o‘zlarini yiqqan holda bajaradilar. Bunda qo‘lning bilaklari yerga to‘shalgan, tirsak ham yerga tekkizilgan holda bo‘ladi.
Shuningdek, qo‘lning bilakdan yuqori qismini o‘zlaridan uzoq tutmaydilar, ya’ni qo‘ltiq orasini ochmaydilar. Sonlar qoringa yopishtirilgan holda tutiladi.
Bu haqda Ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar:
وَتَنْضَمُّ فِي رُكُوعِهَا وَسُجُودِهَا، وَتَفْتَرِشُ ذِرَاعَيْهَا
“Ayol kishi ruku va sajdada qimtingan holda bo‘ladi, sajdada bilaklarini yerga to‘shaydi” (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati