Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2026   |   11 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
26 Iyun, 2026, 11 Muharram, 1448

Oqil - aybini tan oladi, ahmoq - xatosini oqlaydi

19.05.2026   12897   3 min.
Oqil - aybini tan oladi, ahmoq - xatosini oqlaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Oqil xato qilsa – afsuslanadi, ahmoq xato qilsa – safsata sotadi.

Bu ikki misra inson tabiati, uning ma’naviy darajasi va hayotga munosabatini juda teran ifoda etadi. Xato – inson zotiga xos. Ammo uni qanday qabul qilish va undan qanday xulosa chiqarish – har kimning aqli va qalbiga bog‘liq.

Islom ta’limotida ham xato qilish ayb emas, balki undan tavba qilmaslik va saboq olmaslik ayb ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Bu oyatda insonning xatodan qaytishi, afsuslanib, o‘zini tuzatishi Alloh nazdida qadrli ekani ochiq bayon etilgan. Demak, oqil inson xato qilganda uni tan oladi, qalbida nadomat tug‘iladi va to‘g‘ri yo‘lga qaytishga harakat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Barcha odam bolasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshilari tavba qiluvchilaridir” (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadis insonning komilligi xatosizlikda emas, balki xatodan keyingi holatida ekanini ko‘rsatadi. Oqil kishi o‘z aybini tan olib, uni tuzatishga intilsa, ahmoq esa o‘z xatosini oqlash, hatto uni haqiqat deb ko‘rsatishga urinadi.

Xalqimizda shunday maqol bor: “Aybini bilgan donishmand, aybini yashirgan nodon”. Bu hikmatli so‘zlar yuqoridagi fikrlarning xalqona ifodasidir. Chunki aybini tan olgan inson o‘zini tarbiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aybini inkor etgan esa o‘z kamchiligi bilan yashashda davom etadi. Yana bir hikmatda aytiladi: “Nodonning tili uzun, aqllining esa yo‘li uzun”. Ahmoq inson ko‘p gapiradi, bahona topadi, safsata sotadi. Ammo oqil inson ortiqcha so‘zdan qochib, amal bilan o‘zini isbotlaydi.

Xato bu yiqilish emas, balki turish uchun berilgan imkoniyatdir. Oqil inson har bir xatosini o‘qituvchi deb biladi. U o‘zini tahlil qiladi, kamchiliklarini anglaydi va yanada mukammal bo‘lishga intiladi. Ahmoq esa xatosini tan olmasdan, boshqalarni ayblash bilan ovora bo‘ladi. Shu bois, har birimiz o‘z nafsimizni so‘roqqa tutishni o‘rganishimiz lozim. Chunki haqiqiy kamolot o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarishdadir. Hayot yo‘lida adashmaslik uchun insonga aql, vijdon va tavba eshigi berilgan. Bu eshikni ocha bilgan inson baxtli inson.

Xulosa qilib aytganda, oqillik xatosizlikda emas, balki xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdadir. Ahmoqlik esa xatoni tan olmaslik va uni safsata bilan berkitishdir. Insonni ulug‘laydigan narsa uning tavozesi va o‘zini isloh qilishga bo‘lgan intilishidir.

Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto)

25.06.2026   2016   3 min.
Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto)

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2025-2026 o‘quv yilining 49-bitiruvchilarini kuzatishga bag‘ishlangan “XATMONA – 2026” bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan ushbu tantanali marosimda soha rahbarlari, ulamolar, davlat tashkilotlari mas’ullari hamda muhtaram mehmonlar ishtirok etdi. 


Tadbirni ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov bitiruvchilarni ushbu quvonchli kun bilan qutlab, ularning kelgusi ilmiy va amaliy faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Xomidjon domla Ishmatbekov, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusovlar so‘zga chiqib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga to‘xtaldi hamda ilm ahli zimmasidagi yuksak va sharafli mas’uliyatni ta’kidlab, duoi xayrlar qildilar. 


Quvonchli va unutilmas voqealarga boy bo‘lgan tadbir doirasida yil davomida ilmiy-pedagogik, ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy sohalarda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh ustozlar hamda iqtidorli talabalar munosib taqdirlandilar. Jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi nomidan Abduqodir Pardayev “Ijtimoiy tarmoqlarda Raddiya yo‘nalishida eng ko‘p chiqish qilgan professor-o‘qituvchi”, Asliddin Mirzamiddinov “Eng faol targ‘ibotchi” hamda talaba Fazliddin Shamiyev “Fidoyi va jonkuyar talaba” nominatsiyalari bilan mukofotlandi.


Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan fan oyligini yuqori saviyada tashkil etganlari uchun kafedra mudirlari Yusufxon domla Abdurahimov va Ulug‘bek domla Hasanov, mo‘tabar kitoblar xatmidagi faolligi uchun Rahmatulloh domla Maxsumxonov va Soatmurod domla Primov, namunali to‘garak faoliyati uchun Farhod domla Jo‘rayev hamda xalqaro Qur’on musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan talaba Sirojiddin Jalilovlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. 


Tadbir yakunida institutda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qib, namunali xulqi va fidoyiligi bilan ajralib turgan bitiruvchilar Muhammadjon Odilov, Abdumajid Sobirov va Boymurod Muhammadiyevlarga institut rektori tomonidan imtiyozli diplom va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi. 

***

Shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Toshkent islom institutida xotin-qizlar bo‘limi bitiruvchilariga bag‘ishlangan “Xatmona – 2026” tantanasi bo‘lib o‘tdi. Qur’on tilovati bilan boshlangan tadbirda institut rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Diniy idora mas’ullari hamda poytaxt otinoyilari ishtirok etib, yosh olimalarni qutladi va kelgusi diniy-ma’rifiy faoliyatlarida zafarlar tiladilar. Ahamiyatlisi, bu yil institut tarixida ilk bor magistratura bosqichini tamomlagan ikki nafar ayol talaba ham diplomga ega bo‘ldi.


Marosim doirasida ta’limda yuqori natija ko‘rsatgan qizlarga imtiyozli diplomlar, to‘rt yillik sarhisob videoroliklari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, Qur’oni karimni bir o‘tirishda yoddan o‘qib bergan 4 nafar murattab qoriyaga ramziy toj kiydirildi hamda ikki yil davomida “Sahihi Buxoriy” kitobini to‘liq xatm qilgan bitiruvchilarga ustozlari tomonidan maxsus ijozalar topshirildi. Tadbir yakunida dinu el xizmati yo‘lida duoi xayrlar qilindi. 


Barcha bitiruvchilarni ushbu muborak ayyom bilan qutlab, dinimiz va xalqimiz ravnaqi yo‘lidagi kelgusi xizmatlarida ulkan zafarlar tilaydi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto)
O'zbekiston yangiliklari