Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oqil xato qilsa – afsuslanadi, ahmoq xato qilsa – safsata sotadi.
Bu ikki misra inson tabiati, uning ma’naviy darajasi va hayotga munosabatini juda teran ifoda etadi. Xato – inson zotiga xos. Ammo uni qanday qabul qilish va undan qanday xulosa chiqarish – har kimning aqli va qalbiga bog‘liq.
Islom ta’limotida ham xato qilish ayb emas, balki undan tavba qilmaslik va saboq olmaslik ayb ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Bu oyatda insonning xatodan qaytishi, afsuslanib, o‘zini tuzatishi Alloh nazdida qadrli ekani ochiq bayon etilgan. Demak, oqil inson xato qilganda uni tan oladi, qalbida nadomat tug‘iladi va to‘g‘ri yo‘lga qaytishga harakat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Barcha odam bolasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshilari – tavba qiluvchilaridir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadis insonning komilligi xatosizlikda emas, balki xatodan keyingi holatida ekanini ko‘rsatadi. Oqil kishi o‘z aybini tan olib, uni tuzatishga intilsa, ahmoq esa o‘z xatosini oqlash, hatto uni haqiqat deb ko‘rsatishga urinadi.
Xalqimizda shunday maqol bor: “Aybini bilgan – donishmand, aybini yashirgan – nodon”. Bu hikmatli so‘zlar yuqoridagi fikrlarning xalqona ifodasidir. Chunki aybini tan olgan inson o‘zini tarbiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aybini inkor etgan esa o‘z kamchiligi bilan yashashda davom etadi. Yana bir hikmatda aytiladi: “Nodonning tili uzun, aqllining esa yo‘li uzun”. Ahmoq inson ko‘p gapiradi, bahona topadi, safsata sotadi. Ammo oqil inson ortiqcha so‘zdan qochib, amal bilan o‘zini isbotlaydi.
Xato bu – yiqilish emas, balki turish uchun berilgan imkoniyatdir. Oqil inson har bir xatosini o‘qituvchi deb biladi. U o‘zini tahlil qiladi, kamchiliklarini anglaydi va yanada mukammal bo‘lishga intiladi. Ahmoq esa xatosini tan olmasdan, boshqalarni ayblash bilan ovora bo‘ladi. Shu bois, har birimiz o‘z nafsimizni so‘roqqa tutishni o‘rganishimiz lozim. Chunki haqiqiy kamolot – o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarishdadir. Hayot yo‘lida adashmaslik uchun insonga aql, vijdon va tavba eshigi berilgan. Bu eshikni ocha bilgan inson – baxtli inson.
Xulosa qilib aytganda, oqillik – xatosizlikda emas, balki xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdadir. Ahmoqlik esa – xatoni tan olmaslik va uni safsata bilan berkitishdir. Insonni ulug‘laydigan narsa – uning tavozesi va o‘zini isloh qilishga bo‘lgan intilishidir.
Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar maqsad va orzularingiz yozilgan kundaligingizni ko‘rsatsangiz, men sizga besh yildan keyin qayerda bo‘lishingizni yoki nima bilan shug‘ullanishingizni aytib bera olmayman. Ammo kundalik odatlaringizni ko‘rsatsangiz, besh yildan keyin qanday insonga aylanishingizni taxmin qila olaman.
Unutmang! Kelajak faqat maqsadlar bilan qurilmaydi. U har kuni takrorlanadigan kichik odatlar ipidan to‘qiladi.
Xulosa shuki, agar kelajagingizni bilmoqchi bo‘lsangiz, maqsadlaringizga emas, kundalik odatlaringizga e’tibor bering.
Har bir insonning o‘z maqsadlari bor. Kimdir 10 million so‘m topishni, kimdir 10 kilogramm vazn tashlashni, yana kimdir esa YouTubeda mashhur bo‘lishni orzu qiladi…
Biroq maqsadning o‘zi yo‘lni belgilamaydi. Yo‘lni kundalik odatlar belgilaydi. Masalan, 10 kilogramm ozishni istagan inson bunga faqat sog‘lom ovqatlanish va muntazam mashq qilishni odatga aylantirsagina erisha oladi.
Aksariyat odamlar esa bir necha kun tartibga amal qiladilar, keyin yana eski odatlariga qaytib ketadilar. Natijada, ularning maqsadlari devorga ilingan chiroyli rasmdek qolib ketadi. Chunki maqsad odatga aylanmadi.
Maqsad qo‘yish oson. Ammo odatni shakllantirish sabr, intizom va mehnat talab qiladi.
Odat bu – muntazam takrorlanadigan, vaqt o‘tishi bilan inson tabiatining bir qismiga aylanadigan xatti-harakatdir. Shunday darajaga yetadiki, uni deyarli o‘ylamasdan bajarasiz.
Aynan kundalik odatlar odamlar o‘rtasidagi eng katta farqni yuzaga keltiradi. Agar odatlaringizni yaxshilasangiz, maqsadlaringizga yaqinlashasiz.
Demak, har kuni odatlarimizni oz bo‘lsa-da, yaxshilashga intilishimiz kerak. Ana shu kichik, ammo barqaror qadamlar hayotimizda katta o‘zgarishlarni boshlaydi.
Biz har kuni yaxshiroq bo‘lishni tanlasak, kelajagimiz ham shunga yarasha go‘zal bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qanday amal Alloh uchun eng mahbubdir?”, deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Oz bo‘lsa ham, davomlisi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Sizning qanday maqsadlaringiz bor? So‘nggi kunlarda qaysi maqsadlaringizga erishish uchun harakat qilyapsiz?
Davron NURMUHAMMAD