Bir kishi Arafotda ulovidan yiqildi-da, bo‘yni sinib, vafot etdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Unga xushbo‘ylik surtmanglar (ya’ni, jasadiga atr quymanglar) va boshini yopmanglar! Zero, u Qiyomat kunida talbiya aytgan holida qayta tiriltiriladi”, dedilar.
Biz sajda uzra, ro‘zador holatda yoki ehromda vafot etgan kishilardan go‘zal xushxabar umid qilamiz. Biroq, “go‘zal xotima” faqatgina biron ibodat ustida jon berish degani emas.
Haqiqiy go‘zal xotima – zimmangda bandalarning haqqi bo‘lmagan holda bu dunyoni tark etishingdir!
Odamlar sening qo‘lingdan ham, tilingdan ham, moli, joni va nomusiga nisbatan omonlikda bo‘lganida o‘lim topishingdir!
Sila-i rahm qilgan, ota-onasiga yaxshilik ko‘rsatgan farzand bo‘lib ko‘z yumishingdir!
Axir, na Nabiy sollallohu alayhi vasallam va na Abu Bakr sajda ustida vafot etganlar.
Demak, asl masala insonning qanday o‘lganida emas, balki qanday yashaganidadir!
Zero, Alloh yo‘lida o‘lish kabi yuksak va ulug‘vor biron bir narsa bo‘lsa… U ham bo‘lsa, Alloh yo‘lida yashamoqdir!
Adham Sharqoviyning رسائل من النبي ﷺ kitobi asosida
Abdurahim TURAQULOV,
TII Magistratura talabasi tayyorladi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati