Gar ko‘zingizga ko‘rinsa dunyo tor,
“Sharh“ surasini tafakkur aylang takror.
Alloma Ibn Javziy rahimahulloh aytadilar: “Boshimga g‘am-tashvish solgan bir ish yuz berdi. Men bu musibatdan turli yo‘llar bilan chiqib ketishga urindim, lekin hech qanday chora topa olmadim. Shunda xayolimga
﴿وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا﴾
“Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur” (Taloq surasi, 2-oyat) oyati keldi. Bildimki, taqvo qilish barcha g‘amdan chiqish yo‘li ekan. Allohga haqiqiy taqvo qilishga harakat qilishim bilan boshimga tushgan ishdan chiqish yo‘lini topdim”.
Aqlli insonlar taqvoni barcha yaxshilikning sababi deb biladi. Insonga biror uqubat yetgan bo‘lsa faqatgina gunohi sabab yetadi, undan qanday musibat arigan bo‘lsa tavbasi sabab ariydi. Siz qanday baxtsizlik, xafalik yoki omadsizlik yetgan bo‘lsa amallaringiz – namozni vaqtida o‘qimasligingiz, biror insonni g‘iybat qilishingiz, yengiltaklikka yo‘l qo‘yishingiz yoki biror harom ishni qilishingiz sababidan yetadi. Allohning belgilagan yo‘liga qarshi xilof qilgan har qanday inson qilgan xatosi yoki beparvoligining badalini to‘lashi lozim.
Shu’la: Hayotingizdagi har qanday umidsiz vaziyatlarni xayolingizdan uzoqlashtiring, ularni unuting. Xayolingizni muvaffaqiyat tomon jamlang, shundagina qanotlaringizni qoqib parvoz etishingiz mumkin bo‘ladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
1. Jaholatdan ko‘ra yomonroq faqirlik yo‘q.
2. Aqldan ko‘ra foydaliroq mol yo‘q.
3. O‘ziga bino qo‘yishdan ko‘ra yomonroq yolg‘izlik yo‘q.
4. Maslahatdan ko‘ra ishonchliroq bir-birini qo‘llash yo‘q.
5. Go‘zal xulqdek nasl-nasab yo‘q.
6. O‘zini tiya bilishdek taqvo yo‘q.
7. Tafakkurdek ibodat yo‘q.
8. Balog‘atga yetgandan so‘ng yetimlik yo‘q.
9. Fathdan so‘ng hijrat yo‘q.
10. Omonatga xiyonat qiluvchida iymon yo‘q.
11. Va’dasiga vafo qilmaydigan odamda din yo‘q.
12. Uch kundan ortiq arazlashib yurish yo‘q.
13. Istig‘for bilan gunohi kabira yo‘q.
14. Qur’on o‘qib yurgan banda uchun muhtojlik yo‘q va u uchun Qur’ondan ortiqroq boylik yo‘q.
15. Alloh uchun duodan o‘zga yoqimliroq narsa yo‘q.
16. Zulmdan ham ko‘ra jazosi tezroq keladigan narsa yo‘q.
17. O‘zgalarning och qornini to‘ydirishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD