"Haj – 2026" mavsumini muvaffaqiyatli tashkil etish, yurtdoshlarimizning muqaddas ibodatlarini emin-erkin va betalafot ado etishlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston Ishchi guruhi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ushbu fidokorona xizmatlar nafaqat ziyoratchilarimiz, balki Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilotlar tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda.
Xususan, haj mavsumida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi nufuzli "Ar-Rifoda" shirkatining rahbariyati tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari Kamoliddin Mahkamov va Muhammad Amin Nasriyevlarga alohida ehtirom ko‘rsatilib, tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Mazkur yuksak mukofot va e’tirof vakillarimizga haj mavsumi davomida yuzaga kelgan tashkiliy ishlarni tezkor va samarali bartaraf etganlari, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yuqori darajadagi qulayliklarni hozirlashdagi faol xizmatlari uchun topshirildi. «Ar-Rifoda» shirkati rahbariyati yurtdoshlarimizning tashkilotchilik qobiliyati va fidoiyligini yuqori baholab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Bu kabi e’tiroflar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish sifati yildan-yilga yuksalib borayotganining, ikki davlat o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy aloqalar yangi bosqichga chiqqanining amaliy namunasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati