Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari va xodimlari o‘rtasida an’anaviy “Rektor kubogi” futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi. “25 may – Xalqaro futbol kuni” arafasida O‘FA maydonida o‘tkazilgan final bahslari keskin va do‘stona ruhda kechdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlarni quyidagi jamoalar band etdi:
1-o‘rin — “Baroqxon” jamoasi (Kubok sohibi)
2-o‘rin — “Shoshiy” jamoasi
3-o‘rin — “Fuqaho” jamoasi
Shuningdek, turnir davomida ajralib turgan ishtirokchilar maxsus nominatsiyalar bilan taqdirlandi. Institut prorektori Xoshimjon Amanov «Eng yaxshi o‘yinchi», katta o‘qituvchi Elyor Ahmatqulov «Eng yaxshi to‘p urar» va institut psixologi Oybek Ismoilov «Eng yaxshi darvozabon» deb topildi.
Musobaqa so‘ngida g‘oliblarga sovrinlar topshirildi. Turnirni tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va homiy tashkilotlarga institut rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 18 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining boy ma’naviy merosini, tasavvuf ta’limotining asl insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etishdir.
Uchrashuvda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimiz allomalarining ilmiy merosi butun islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja domla Inoyatov ham mazkur hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, Toshkent islom institutini diniy ta’lim muassasalari orasida yetakchi dargohlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar birgalikda kitoblar nashr etish, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish, dolzarb ilmiy maqolalar tayyorlash hamda talabalarning bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ustozlik qilish kabi muhim yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qiladilar. Bu sheriklik tasavvufning sof ilmiy asoslarini keng yoyish va soxta tariqatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati