Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari va xodimlari o‘rtasida an’anaviy “Rektor kubogi” futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi. “25 may – Xalqaro futbol kuni” arafasida O‘FA maydonida o‘tkazilgan final bahslari keskin va do‘stona ruhda kechdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlarni quyidagi jamoalar band etdi:
1-o‘rin — “Baroqxon” jamoasi (Kubok sohibi)
2-o‘rin — “Shoshiy” jamoasi
3-o‘rin — “Fuqaho” jamoasi
Shuningdek, turnir davomida ajralib turgan ishtirokchilar maxsus nominatsiyalar bilan taqdirlandi. Institut prorektori Xoshimjon Amanov «Eng yaxshi o‘yinchi», katta o‘qituvchi Elyor Ahmatqulov «Eng yaxshi to‘p urar» va institut psixologi Oybek Ismoilov «Eng yaxshi darvozabon» deb topildi.
Musobaqa so‘ngida g‘oliblarga sovrinlar topshirildi. Turnirni tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va homiy tashkilotlarga institut rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xalqimiz orasida mehr-oqibat, saxovat va inson qadrini ulug‘lash kabi ezgu qadriyatlar azaldan mustahkam o‘rin egallab keladi. Ana shu oliyjanob fazilatlarni hayotga tatbiq etish maqsadida joriy yilning 23 iyun kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida keng qamrovli sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdilar.
Diniy soha xodimlari tumanda yashovchi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Bemorlarning holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi, haqlariga shifo tilab duolar qilindi.
Ma’lumot uchun: Islom ta’limotida bemor ko‘rish va muhtojlar qalbiga quvonch ulashish eng savobli amallardan sanaladi.
Sayyor yig‘ilish davomida din ulamolari Nayman mahallasida saxovatpesha homiylar ko‘magida qad rostlayotgan yangi xonadon qurilishi bilan tanishdilar.
Birinchi xonadon: Boquvchisini yo‘qotgan oila uchun barpo etilmoqda.
Ikkinchi xonadon: Yaqinda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uy-joyidan ajralgan yana bir oilaga qurib berilyapti.
Ulamolar ushbu xayrli ishlarning barakasini tilab duolar qildilar va oilalarga hadyalar topshirdilar.
Tadbir davomida adashgan va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Ularga oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, vatanga muhabbat va jamiyat oldidagi mas’uliyat hayotiy misollar bilan tushuntirildi. Bu samimiy muloqotlar ularning qalbida kelajakka ishonch uyg‘otishga xizmat qildi.
Peshin namozidan so‘ng tumandagi barcha jome masjidlarida tarbiyaviy ma’ruzalar tashkil etildi. Imom-xatiblar jamiyatda sog‘lom muhitni qaror toptirish, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat mavzularida ma’ruza qildilar.
Yakunda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda yoshlarimizning kamoloti uchun xayrli duolar qilindi.
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati