O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan ezgu g‘oyani chuqur qaror toptirishda barcha milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti ham g‘oyat muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol an’analari biz uchun kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qurbon hayitini ana shu jarayonlarga mos holda munosib nishonlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27 may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 27 may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
(a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangani;
(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi “2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–257-son Farmoni bilan quyidagilar qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangani:
(i) ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2026 yilning 28 may – payshanba, 29 may – juma kunlari;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30 may – shanba kuni.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev
Yaqinda Qo‘ng‘irot tumani, “Qumbiz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Baxtiyor Matyakupovning xonadonida yong‘in sodir bo‘lib, kelib chiqqan yong‘in natijasida xo‘jalik a’zolari uy-joysiz qoldi. Ushbu yuzaga kelgan holat yaqindan o‘rganilib, tumandagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-xatibi R.Umarov oila a’zolarining holidan xabar oldi va homiylar yordami bilan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan moddiy yordam berdi.
Darhaqiqat, Alloh taolo “Baqara” surasi 271-oyatida: «Sadaqalarni oshkor qilsangiz, bu qanday ham yaxshi! Agar ularni maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan yomonliklaringizni ketkazadir. Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir», deb bayon etadi.
Ushbu oyati karimada sadaqani oshkora qilish ham, maxfiy qilish ham maqtalmoqda. Bu haqdagi boshqa oyat va shar’iy dalillarni jamlab, o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa qilib aytadilarki, “Sadaqa farz bo‘lsa, uni oshkora qilish yaxshi, chunki bu holda Allohning amriga itoat oshkora ko‘rinadi va mazkur sadaqadan unga haqdor bo‘lmagan kishilarga ham tushib qolishi mumkinligining oldi olinadi. Agar sadaqa ixtiyoriy bo‘lsa, u maxfiy qilingani yaxshi. Riyodan va manmanlikdan uzoqda bo‘linadi”.
Sadaqa o‘z egasini Shaytondan yiroq, Rabbisiga yaqin va suyukli etadi. Sadaqa tufayli gunohlar kechiriladi, mehr-muruvvat va shafqat eshiklari ochiladi.
Sadaqa qilish xoh oshkora bo‘lsin, xoh maxfiy bo‘lsin, doimo o‘z egasiga foyda keltiradi, uning gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Alloh taolo ixtiyoriy sadaqada maxfiylikni joriy qilgan. Bu borada maxfiysi oshkorasidan yetmish marta ko‘p savobga ega bo‘ladi. Farz sadaqaning oshkorasini maxfiysidan yigirma besh marta afzal qilgan», deganlar.
Alloh taolo yurtimizda mehr-oqibatli va saxovatli insonlar ko‘payishini, el-yurtimiz obod, xonadonlarimiz fayzli bo‘lishini nasib etsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati