Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, yurtdoshlarimiz Haj amallarini ado etayotgan qutlug‘ kunlarda bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak Haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan Haj safariga yuborildi.
Prezidentimiz ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.
Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tayotganini ta’kidladi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilayotganini qayd etdi.
Suhbatda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz qalbi, ma’naviyati va ma’rifatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi yaqinda foydalanishga topshirilgan maskanlar ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha fayz va shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshlarimizni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Masjid va qabristonlarni obod qilishga ham alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari hayotda ko‘pni ko‘rgan, duogo‘y hojilarimiz yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirdi.
Suhbat yakunida Prezidentimiz barcha hojilarimizga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, yurtimizga sog‘-omon qaytishlarini tiladi.
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati