Har yili bahorning so‘nggi kunlarida yurtimizdagi minglab maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu kun — yillar davomida olingan bilimlarning sarhisobi, katta hayot bo‘sag‘asidagi ilk qadamdir. Ammo, ming afsuski, keyingi yillarda bu quvonchli kun ba’zi oilalar uchun bitmas-tuganmas kuyinish, ayriliq va falokat kuniga aylanib bormoqda. Ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish va mas’uliyatsizlik oqibatida yosh umrlar zavol topmoqda.
Omonatga xiyonat va nafsga qullik.
Islom dini inson hayotini eng oliy qadriyat deb biladi. Alloh taolo bandalariga o‘z jonini xatarga qo‘yishni, behuda halok qilishni taqiqlab, Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni yaxshi ko‘radi» (Baqara surasi, 195-oyat).
Bitiruv kuni yoshlarga qimmatbaho mashinalarni ishonib topshirish, ularning tezlikni oshirib, ko‘chalarda tartibsizlik (avtokalonnalar) uyushtirishiga ko‘z yumish — mana shu oyatga zid ish tutishdir. Bu ota-onalar tomonidan farzand hayotini o‘z qo‘li bilan halokatga topshirish bilan barobardir.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadislarida marhamat qiladilar: "Hech bir banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarf qilgani, yoshligini qanday o‘tkazgani, mol-davlatini qayerdan topib, nimaga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida" (Imom Termiziy rivoyati).
Bitiruvchi yoshlar va ularning ota-onalari «biz yoshligimizni va topgan molimizni shu bir kunlik dabdabaga qanday sarfladik?» degan savolga javob berishni unutmasliklari lozim.
Isrof va soxta obro‘ ilinji «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida restoranlardagi dabdabali bazmlar, qimmatbaho sovg‘alar va kiyim-boshlar uchun qilinadigan xarajatlar isrofning oliy namunasidir. Vaholanki, o‘sha mablag‘larni bolaning oliy ta’lim olishiga, kitoblariga yoki kasb-hunar o‘rganishiga yo‘naltirish mumkin edi.
Islom dini isrofni qattiq qoralaydi. Alloh taolo aytadi:
«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mo‘l-ko‘l yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir...» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Shaytonning do‘stiga aylanib, Alloh bergan ne’matni ko‘kka sovurish hech bir mo‘minga to‘g‘ri kelmaydi. Bir kunlik «orzu-havas» deb qilingan isrof ortidan qancha oilalar qarz botqog‘iga botayotgani ham sir emas.
Achchiq, ammo hayotiy misollar: Har yili 25 may kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bir xil mazmundagi mudhish xabarlar tarqaladi: «Bitiruvchilar ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi: 3 nafar yigit voqea joyida halok bo‘ldi...» yoki «Daraxtga borib urilgan Kaptiva ichidagi maktab bitiruvchilari shifoxonaga yotqizildi...». Bu shunchaki statistika emas, bu — buzilgan oilalar, farzand dog‘ida kuyayotgan onalar, sochlari bir kechada oqargan otalar fojiasidir. Kuni kecha maktab foyasida attestat olayotgan o‘g‘il yoki qizning ertasiga qabr ichida yotganini ko‘rishdan ko‘ra dahshatliroq musibat bormi?!
Hali hayot nimaligini tushunib yetmagan, oila qurib, jamiyatga nafi tegmagan yosh nihollarning o‘z xatosi yoki ota-onaning «bolam boshqalardan kam bo‘lmasin» degan soxta g‘ururi tufayli tuproqqa qorilishi — eng katta tragediyadir.
Nima qilmoq kerak? Mavzuni shunchaki muhokama qilish kifoya emas, amaliy choralar ko‘rish vaqti keldi: Ota-onalar mas’uliyati: Farzandingizga qimmat mashina kalitini emas, kelajakka bo‘lgan mas’uliyat hissini bering. So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni ularning qayerda va kim bilan ekanini qattiq nazorat qiling.
Yoshlar farosati: Siz — ota-onangizning umidisiz. Bir lahzalik maqtanish va tezlik ishqi sizni tiriklik ne’matidan, ota-onangizni esa sizdan judo qilmasin.
Tadbirlarni ilmga yo‘naltirish: Restorandagi bazmlar o‘rniga, maktab kutubxonasiga kitob sovg‘a qilish, ehtiyojmand sinfdoshlarga yordam berish kabi xayrli amallarni an’anaga aylantirish lozim.
Xulosa shuki «So‘nggi qo‘ng‘iroq» hayotning tugaganini emas, balki go‘zal va mas’uliyatli yangi bir bosqich boshlanganini bildiruvchi ramz bo‘lishi kerak. Shoshqaloqlik, manmanlik va isrof bilan bu kunni motamga aylantirmaylik. Zero, Alloh taolo bizga bergan hayot va farzand ne’mati — ertaga Qiyomatda har bir soniyasi uchun javob beriladigan ulug‘ omonatdir!
Islomxon Hamidov,
Namangan shaxar Boqimirzo jome masjidi imom noibi
Dil so‘zi
Muborak Qurbon hayiti arafasida turibmiz. Butun musulmon olami, islom ummati ushbu ulug‘ ayyomni cheksiz shodlik va shukronalik bilan kutib olmoqda. Ushbu qutlug‘ kunlarda Saudiya Arabistonining Makka shahrida yurtdoshlarimiz bilan birga haj amallarini ado etyapmiz.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotimiz Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘ligi, har bir fuqaro davlatimizning mehr va e’tiboridan chetda emasligining yana bir hayotiy ifodasi o‘laroq qalblarimizni olam-olam shodlikka to‘ldirdi, ruhimizni ko‘tardi, bayram shukuhini yanada boyitdi.
Davlatimiz Rahbari bilan suhbatimiz naqadar samimiy kechganiga xalqimiz ommaviy axborot vositalari, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, guvoh bo‘ldilar.
Prezidentimiz haj ziyoratchilarini Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan haj ziyoratiga keldi. Ularning dilidagi quvonchni, shukronalikni, Yurtboshimizdan minnatdorlikni so‘z bilan ta’riflashga til ojiz.
Prezidentimiz suhbatda ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.
Darhaqiqat, Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tyapti. Qalbida shukronalik hissi jo‘sh urgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.
Alloh nasib etsa, haj ziyoratchilari yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘ladilar.
Bugun har bir yurtdoshimiz muborak ayyom barokatidan, fayzidan bahramand. Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Davlatimiz Rahbarining Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari amalga oshiriladi.
Prezidentimiz rahbarligida Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimotida aytilganidek, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi. Bu qanchadan-qancha insonlar hayotiga nur, qalbiga quvonch olib kiradi.
Zero, hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, “Insonlarning eng yaxshisi – boshqalarga ko‘proq manfaati tegadiganidir” (Imom Doru Qutniy rivoyati). Savobli ishlar, tinchlik va obodlik yo‘lidagi hamjihatligimiz bizni albatta ulug‘ maqsadlarga boshlaydi.
Haqiqatan ham, Qurbon hayiti islom dinidagi eng ulug‘ va muqaddas bayramlardan biri, mo‘minlar yuragida xursandchilik, mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, saxovat tuyg‘ularini yuksak darajada uyg‘otadi.
Prezidentimiz “Odamlar ertaga yoki uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”, degan edi. O‘zbekiston yetakchisi o‘z faoliyatining ilk davrlarida ilgari surgan ushbu g‘oya zamirida ham ushbu bayramga xos xalq farovonligi, aholi o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik kabi bezavol an’analar mujassamdir.
O‘tgan yillarda ushbu g‘oya va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, adolatli jamiyat, xalqparvar davlat barpo etish, inson qadrini yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar qilindi. Xususan, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat maqomi konstitutsion darajada mustahkamlandi.
Keyingi yillarda shu asosda inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoyalash, ayniqsa, ehtiyojmand yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Aholining ehtiyojmand qatlamini uy-joy bilan ta’minlash, ishsizlikni bartaraf etish, yoshlar va xotin-qizlarga zamonaviy kasblarni o‘rgatish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida tizimli ishlar qilinyapti. Ushbu xayrli amallar muborak Qurbon hayiti mohiyatiga mos holda, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” ezgu g‘oyasini ro‘yobga chiqarish, xalqimizni bugungi yashayotgan kunidan rozi qilish, erkin va farovon jamiyat barpo etishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Sirasini aytganda, Qurbon hayiti –' inson qalbida mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlaydigan ulug‘ ayyom. Yangi O‘zbekistonda ushbu muqaddas bayramning mazmun-mohiyati inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, xalq farovonligini ta’minlash kabi ezgu amallar bilan yanada boyib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xayr-saxovat ishlari, ijtimoiy himoya choralari, haj ziyoratchilariga yaratilayotgan imkoniyatlar xalq va davlat o‘rtasidagi mehr va ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Eng muhimi, bu xayrli ishlar “Inson qadri uchun” degan ulug‘ tamoyilning amaliy ifodasi sifatida yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga ishonch, shukronalik va faxr tuyg‘ularini yuksaltirmoqda.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.