Toshkent islom institutida “May – Hadis ilmlari fan oyligi” munosabati bilan ulug‘ muhaddis Imom Muhammadning “Muvatto” asarini o‘qib tugatgan talabalarga ijoza berish va “Xatmi kutub” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xayrli an’ana doirasida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchilari Rahmatulloh Maxsuxonov hamda Mansur Jambilov boshchiligida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalari ushbu bebaho asarni to‘liq xatm qildilar.
Institut mas’ullari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etgan tadbirda ustozlar tomonidan xatmi kutub qilishning fazilati, Imom Muhammadning hadis ilmida tutgan yuksak o‘rni va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muhabbatli bo‘lish mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ustozlar talabalarga hadis rivoyat qilish uchun rasmiy ijoza (silsila) va sertifikatlarni topshirib, ularning haqqiga xayrli duolar qilishdi. Shuningdek, talabalarga ushbu bebaho asarni o‘rgatgan fidoyi ustozlar institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Toshkent islom instituti
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati